Qirg‘iz siyosatchisi KXSHTning yangi Bosh kotibi bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 27 noyabr kuni Bishkekda o‘tgan Kollektiv xavfsizlik kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Taalatbek Masaadikov nomzodini KXSHT Bosh kotibi lavozimiga tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi. Bu haqda tashkilotning amaldagӣ Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov KXSHT sammiti yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.  

Uning ta’kidlashicha, Masaadikov xalqaro sohada ham, xavfsizlik masalalarida ham katta tajribaga ega.

“Aytishim kerakki, Taalatbek Shamudinovich ikki yildan buyon KXSHT Bosh kotibi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelyapti. U xalqaro sohada, ayniqsa xavfsizlik va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida juda katta tajribaga ega”, dedi Tasmagambetov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Masaadikov rahbarligi ostida tashkilot dinamik rivojlanishni davom ettiradi va xalqaro xavfsizlik tizimidagi pozitsiyalarini yanada mustahkamlaydi.

“Uning mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar va chaqiriqlarni chuqur bilishi, albatta, KXSHTning tamoyil va maqsadlariga sadoqati tashkilot kotibiyatining samarali faoliyat yuritishini ta’minlaydi”, deya qo‘shimcha qildi Tasmagambetov.

Taalatbek Masaadikov 2026 yil 1 yanvardan boshlab KXSHT Bosh kotibi lavozimiga kirishadi.

“Konfliktlar KXSHT chegaralariga yaqinlashmoqda, G‘arb esa gibrid urushlar va dezinformatsiyalardan faol foydalanmoqda. Biz reaksiya qilishga emas, balki oldindan taxlil qilishga urg‘u beramiz”, deydi yangi Bosh kotib.

Ma’lumot uchun, Masadikov xalqaro munosabatlar sohasi bo‘yicha ekspert. U 2024 yil yanvarda KXSHT Bosh kotibi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.

U 1961 yil yanvarda tug‘ilgan. 1984 yilda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini “xalqaro munosabatlar” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, 1991 yilda Moskva davlat universitetida afg‘on adabiyoti bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2000–2002 yillarda London Iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabida doktoranturada o‘qigan.

Turli yillarda Afg‘onistonda sovet mutaxassislari guruhi tarkibida ishlagan, Qirg‘izistonning xorijiy investitsiyalar bo‘yicha Davlat qo‘mitasida bosh direktor o‘rinbosari bo‘lgan, Amerikaning Qirg‘izistondagi universitetida o‘qituvchi va rahbar lavozimlarida ishlagan.

2002–2014 yillarda BMT tizimida faoliyat yuritgan: siyosiy maslahatchi, mintaqaviy ofislar rahbari va BMTning Afg‘onistonga ko‘mak missiyasi siyosiy direktori bo‘lgan. 2016 yilda Tokio universitetida mehmon professor sifatida Afg‘onistonda tinchlik jarayoni va mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha ma’ruzalar o‘qigan. 2017 yilda Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga nomzod bo‘lgan. 2021 yilda Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan, 2022–2023 yillarda prezidentning maxsus vakili bo‘lib ishlagan. 

Taalatbek Masaadikov oilali, uch farzandi va uch nabirasi bor. Qirg‘iz, rus, ingliz va pushtu tillarini erkin gaplasha oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston KXShT Taalatbek Masaadikov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing