OTMlarda Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari ochiladi
Jamiyat
−
15 avgust 2020
8904Har biy oliy ta’lim muassasasida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining bo‘limlari tashkil qilinadi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida belgilangan.
Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda – Ta’lim inspeksiyasi) asosiy vazifalari etib belgilanadi:
• ta’lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayonlarini, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish, malaka toifalarini berish va ularni sertifikatlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish;
• ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifati madaniyatini (quality culture) shakllantirish va ta’lim sifatini oshirishga har tomonlama ko‘maklashish;
• xorijiy tajribada sinovdan o‘tgan ta’lim sifatini oshirishning preventiv, ta’sirchan va samarali mexanizmlarini ta’lim faoliyatiga tatbiq etish;
• mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar ta’lim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish;
• nodavlat ta’lim tashkilotlari va davlat oliy ta’lim muassasalarining ta’lim faoliyatini litsenziyalash hamda ular tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish;
• ta’lim oluvchilar bilim, ko‘nikma va malakalarining davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari hamda ta’lim dasturlariga muvofiqligini nazorat qilish;
• xorijiy davlatlarda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va O‘zbekiston Respublikasida berilgan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar va kvalifikatsiyalarni xalqaro ta’lim hamjamiyatida tan olinishiga har tomonlama ko‘maklashish;
• ta’lim va fan sohasi tashkilotlari tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish;
• dunyoning nufuzli reyting tashkilotlari indikatorlari hamda milliy reytingni aniqlash bo‘yicha xalqaro tajribaga muvofiq ishlab chiqilgan mezonlar asosida ta’lim tashkilotlari milliy reytingini aniqlash va rasman e’lon qilish, ta’lim tashkilotlariga reytingdagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berish;
• ta’lim oluvchilarning bilim va savodxonlik darajasini hamda kompetentligini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlar va tadqiqotlarda O‘zbekiston Respublikasining ishtirokini ta’minlash;
• dunyoning yetakchi reyting tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va oliy ta’lim tashkilotlarining ushbu reytinglarga kirishiga har tomonlama ko‘maklashish;
• ta’lim sifatini ta’minlash sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
• nazorat faoliyatini boshqarishning zamonaviy tizimini joriy etish, nazoratning shaffofligini ta’minlash, korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
• qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish;
• ta’lim sifatini nazorat va tahlil qilish bo‘yicha axborot tizimlarini joriy etish va rivojlantirish;
• Ta’lim inspeksiyasi faoliyatiga oid masalalar yuzasidan xalqaro aloqalarni kengaytirish, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni takomillashtirish.
Shuningdek, quyidagilar belgilanadi:
Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i maqomi, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra vazirga, boshliqning birinchi o‘rinbosari vazirning birinchi o‘rinbosariga, boshliq o‘rinbosari esa vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
Ta’lim inspeksiyasining boshqaruv xodimlari Hukumatning imtiyozli tibbiy xizmatidan foydalanishga haqli;
Ta’lim inspeksiyasi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy
va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi;
Ta’lim inspeksiyasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda – hududiy boshqarmalar) xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 yanvardagi “Davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-2722-son qarori 1-bandida nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi;
Ta’lim inspeksiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar Ta’lim inspeksiyasining qonuniy talabiga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralar tomonidan kechiktirmagan holda bepul taqdim etiladi;
davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar Ta’lim inspeksiyasiga uning zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda har tomonlama ko‘maklashishi shart;
Ta’lim inspeksiyasi tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi;
Ta’lim inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari xodimlarini faoliyat yo‘nalishiga xos bo‘lmagan ishlarga jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;
Ta’lim inspeksiyasi o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari
va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga bo‘ysunadi va hisobdor bo‘ladi;
ta’lim sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda normativ tusdagi boshqa hujjatlar (davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari) majburiy tartibda Ta’lim inspeksiyasi bilan kelishiladi.
Belgilanishicha:
respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlari tarkibida ularning belgilangan shtatlari doirasida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i tavsiyasiga asosan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan 3 nafar xodimdan iborat ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda – bo‘lim) tashkil etiladi;
bo‘lim boshlig‘ining oylik ish haqi oliy ta’lim muassasasi dekani lavozimi maoshiga, bosh mutaxassislarining oylik ish haqi – oliy ta’lim muassasasi dekani o‘rinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi.
Bo‘limlarga:
• oliy ta’lim tashkiloti ta’lim oluvchilari bilimlarining davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlariga muvofiqligini o‘rganib borish va tahlil qilish;
• ta’lim sifati monitoringini yuritish;
• oliy ta’lim tashkilotida ichki baholash jarayonini tashkil etish va o‘tkazish;
• professor-o‘qituvchilarning faoliyati samaradorligi bo‘yicha reytingini shakllantirib borish;
• ichki baholash natijalarini va ta’lim sifatiga ta’sir etgan omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oliy ta’lim tashkiloti rektoriga hamda Ta’lim inspeksiyasiga taqdim etish vazifalari yuklanadi.
Ta’lim inspeksiyasiga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarga quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi berilsin:
• ta’limga oid hujjatlar loyihalarini tayyorlash;
• ta’lim sifatini ichki baholash tizimi, shu jumladan sifat menejmenti tizimini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va joriy qilishga ko‘maklashish;
• ilmiy-metodik va axborot-konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
• ularning xodimlarini ta’lim sifatini ta’minlash masalalari bo‘yicha malakasini oshirish;
• namunaviy test topshiriqlari asosida ta’lim oluvchilar o‘rtasida diagnostik test sinovlari o‘tkazish;
• o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, jurnallar, axborotnomalar hamda boshqa adabiyotlarni tayyorlash, nashr etish va realizatsiya qilishni tashkil etish;
• qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa xizmatlar.
Quyidagilar Ta’lim inspeksiyasining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilanadi:
• maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining ikkinchi, birinchi va oliy malaka toifalariga, katta, yetakchi va bosh o‘qituvchi lavozimlariga talabgorlarni navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazishda to‘lanadigan yig‘imlardan tushadigan mablag‘ning 50 foizi;
• nodavlat ta’lim tashkilotlari, xorijiy ta’lim muassasalari, o‘zini o‘zi moliyalashtiradigan davlat ta’lim muassasalari va ularning filiallarini attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun undiriladigan yig‘imlar;
• xorijiy davlatlarda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatganlik uchun undiriladigan yig‘imlarning 50 foizi;
• ta’lim va fan sohasi tashkilotlari tomonidan beriladigan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yganlik uchun undiriladigan yig‘imlarning 30 foizi;
• ta’lim faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berganlik uchun undiriladigan davlat bojining 50 foizi;
• ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun belgilangan tartibda undiriladigan jarima mablag‘larining 50 foizi;
• jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
• xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar grantlari;
• Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
• shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishdan tushgan daromadlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
LiveBarchasi