Diqqat, talabalar! Endi kontraktni to‘rtga bo‘lib to‘lash mumkin
Jamiyat
−
22 Oktabr 2020
12652Avvalroq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lov-kontrakt miqdorlarini o‘quv yili davomida to‘rt bo‘lib to‘lash mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi to‘lov-kontraktni to‘rt bo‘lib to‘lash tartibi haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar o‘qish uchun to‘lovlarni teng ulushlarda to‘rt bo‘lib, quyidagi muddatlarda amalga oshirishlari mumkin.
Jumladan:
• belgilangan to‘lov miqdorining kamida 25 foizini talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun 15 sentyabrgacha yoki O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatgacha hamda ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalar uchun 1 oktyabrgacha yoki oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan uzaytirilgan muddatgacha;
• belgilangan to‘lov miqdorining kamida 50 foizi 1 yanvargacha, 75 foizi 1 aprelgacha va 100 foizi 1 iyulgacha yoki oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan uzaytirilgan muddatlargacha;
• xorijiy fuqarolar uchun oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan belgilangan muddatlargacha;
• tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga o‘quv yilining birinchi yarmi uchun to‘lovlarni amalga oshirish muddati va miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan va qolgan qismi oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan belgilangan muddatlargacha amalga oshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta’lim muassasalari talabalariga o‘quv yili davomida teng ulushlarda kamida to‘rt marotaba o‘qish uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati taqdim etilishini ta’minlanishi belgilangan edi.
LiveBarchasi