OTMga kirish imtihonida qatnashish nega pullik bo‘lyapti? Rasmiylar javob berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgani haqida xabar bergan edik. 

Qaror bilan oldingi o‘quv yillarida ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobariga teng miqdorida yig‘im undirilishi (to‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar, I va II guruh nogironlar bundan mustasno) ko‘zda tutilmoqda. Xo‘sh, bu nima degani? Bu pullar nimalarga sarflanadi?

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va  ommaviy kommunikatsiyalar agentligi press-xolida O‘zbekistonda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab test sinovlariga kiritilgan muhim o‘zgarishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Anjumanda Davlat test markazi direktori Majid Karimov ishtirok etmoqda. 

Matbuot anjumanida Davlat test markazi rasmiylari tomonidan ma’lum qilinishicha, joriy yilda maktab, litsey va kollejlarni yakunlagan bitiruvchilar uchun test sinovlari mutlaqo bepul, hech qanday to‘lovlarsiz o‘tkazish tartibi saqlanib qolinmoqda. Shu bilan birga, o‘tgan yil va undan oldingi davrda o‘qishni tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobari miqdorida to‘lovni amalga oshirish tartibi taklif qilinmoqda. 

Abituriyentlardan tushgan to‘lovlar test sinovlarini yanada sifatli va qulay sharoitlarda tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyaviy ta’minlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar binolarning ijara to‘loviga, katta quvvatli konditsionerlar, shaxsni aniqlash va kuzatish kamerasi, ota-onalar uchun monitorlar bilan jihozlashga hamda abituriyentlarni ichimlik suvi va ruchka bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, test sinovlarini tashkil etish qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni talab etadi va abituriyentlardan tushadigan to‘lovlar mavjud xarajatlarni to‘liq qoplash uchun yetarli deb bo‘lmaydi. Ular jumlasiga to‘rt mingdan ortiq guruh nazoratchilariga to‘lanadigan ish haqi, ularga tashkil etiladigan tushlik, test materiallarini sifatli tayyorlash, o‘z vaqtida belgilangan joylarga yetkazib berish, olib kelish, saqlash va shu kabilar kiradi.
 


Maqola muallifi

Teglar

OTM Davlat test markazi Kirish imtihoni

Baholaganlar

187

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing