OTMga kirish imtihon savollari tarqalishi ortidan norozilik namoyishlari avj oldi (video)

Olam

image

Hindistonda oliy ta’limga kirish imtihonlari savollarining tarqalib ketishi ortidan boshlangan norozilik namoyishlari davom etmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 20 iyul kuni Dehli markazida parlament tomon yo‘l olgan minglab namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. Oqibatda qariyb 180 kishi jarohatlangan. Ularning 118 nafari politsiya va xavfsizlik xodimlari, 60 nafari esa namoyishchilardir. Shuningdek, 70 kishi qo‘lga olingan.

Norozilik namoyishini tashkil etayotgan “Cockroach Janta Party” (CJP) harakati a’zolari Ta’lim vaziri Dharmendra Pradhanning iste’fosini talab qilmoqda. Ularning fikricha, may oyida 2 milliondan ortiq abituriyent topshirgan NEET tibbiyot oliygohlariga kirish imtihoni savollarining sizib chiqishi ta’lim tizimidagi chuqur korrupsiya belgisi hisoblanadi.

Harakat asoschisi Abhijit Dipke namoyishlar davom etishini ma’lum qilib, politsiya tomonidan kuch ishlatilgani, jumladan, ayol namoyishchilar ham kaltaklanganini da’vo qilgan.

Nashrga ko‘ra, ayni paytda Dehlining Jantar Mantar maydonida yana yuzlab namoyishchilar to‘planib, Ta’lim vazirining iste’fosini talab qilmoqda. Shahar markazida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, ko‘chalarda qo‘shimcha politsiya va harbiylashtirilgan bo‘linmalar navbatchilik qilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Hindiston Sog‘liqni saqlash vaziri Jagat Prakash Nadda CJP yetakchilari bilan uchrashib, ularning talablarini hukumat darajasida muhokama qilish uchun vaqt so‘ragan. Namoyishchilar esa faqat vazir iste’fosini emas, balki ochlik aksiyasi vaqtida hibsga olinib, shifoxonaga yotqizilgan faol Sonam Vangchukni ozod etish hamda imtihon savollari sizib chiqqani ortidan o‘z joniga qasd qilgan talabalar oilalariga 10 million rupiydan tovon puli to‘lashni ham talab qilmoqda.

Muxolifat partiyalari hukumatni tinch namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatganlikda tanqid qilgan bo‘lsa, hukmron “Bharatiya Janata Party” partiyasi vakillari namoyishlardagi zo‘ravonlik oldindan uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Tahlilchilarning fikricha, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik, davlat ishlariga qabul va oliy ta’lim imtihonlaridagi muntazam qonunbuzarliklar Bosh vazir Narendra Modi hukumati oldidagi eng jiddiy ijtimoiy muammolardan biriga aylanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 iyun kuni Janubiy Afrikada noqonuniy muhojirlar mamlakatni tark etishi uchun belgilangan muddat tugagani sababli mamlakatning turli shaharlarida migrantlarga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing