OTMga kirish imtihoni bu yil qay tartibda o‘tkazilishi aytildi
Jamiyat
−
29 mart 2022
13721Joriy yilda ham oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihoni test sinovlarini o‘tkazish uchun ikki xil ssenariy tayyorlanmoqda. Bu haqda bugun, 29 mart kuni DTM direktori Majid Karimov ma’lum qildi.
“Oliy ta’lim muassasalariga kirish [imtihoni] test sinovlarida 1 mlndan ortiq abituriyent ishtirok etishi kutilmoqda. Mana shu raqamlarni e’tiborga olgan holda, [Davlat] test markazi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda ikki xil ssenariy asosida test sinovlari o‘tkaziladigan joylarni tashkillashtirish amalga oshirilmoqda”, deydi Karimov.
Shuningdek, u so‘zi davomida joriy yil test sinovlarini topshirish uchun qancha ochiq va yopiq maydonlar tayyorlanayotganini ma’lum qildi:
“Pandemiya sharoiti bo‘lmay, an’anaviy shaklda test olinsa, 94 ta katta sig‘imdagi binolar tayyorlanmoqda. Agar pandemiya sharoiti bo‘lsa, ikkinchi ssenariy asosida 53 ta stadion va xiyobonlar tanlab olindi va tegishli tashkilotlar bilan sxema va hujjatlar, ularni tashkillashtirish bo‘yicha barcha kelishuv ishlari amalga oshirilmoqda”.
Eslatib o‘tamiz, 2021-2022 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari 2021 yil 5 avgustdan 16 avgustga qadar 12 kun davomida, kuniga 2 smenada bo‘lib o‘tgan edi. Unda hujjat topshirgan 948 211 nafar abituriyentdan 892 242 nafari (94,1 foizi) ishtirok etgan bo‘lsa, 55 969 nafari (5,9 foizi) turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida qatnashmagan.
LiveBarchasi