OTMga imtiyozli kirish imkoniyati bittaga ortadi

Jamiyat

image

Musobaqaning respublika bosqichida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritganlar oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarisiz va kasbiy imtihonlarsiz o‘qishga kirish huquqi beriladi. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iqtidorli sportchilarni taqdirlash va rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida keltirib o‘tilgan.

Hujjatga muvofiq, endilikda xalqaro va respublika sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlari quyidagicha taqdirlanadi:

  • Respublika va xalqaro sport musobaqalarning individual turlarida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan imtiyozga ega sportchilar oliy ta’lim muassasasiga qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.
  • Respublika va xalqaro musobaqalarning jamoa turlarida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan komandalarning (o‘z komandalari tarkibidan – akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari bitiruvchilaridan uch nafar nomzodni belgilaydilar) imtiyozga ega sportchilari oliy ta’lim muassasasiga qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.
  • Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tavsiyasiga asosan, Respublika va xalqaro musobaqalarning jamoa turlarida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan komandalarning qolgan vakillariga ularning sportdagi natijalarini inobatga olgan holda oliy ta’lim muassasasiga qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinishi mumkin.

Viloyat va respublika sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchi-sportchilarning trenerlari musobaqa tashkilotchilari tomonidan ta’sis etilgan sovrinlardan qat’iy nazar quyidagicha:

  • viloyat bosqichida: 1-o‘rin uchun 10 baravari, 2-o‘rin uchun
  • 8 baravari, 3-o‘rin uchun 5 baravari;
  • respublika bosqichida: 1-o‘rin uchun 35 baravari, 2-o‘rin uchun 30 baravari, 3-o‘rin uchun – 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.

Xalqaro sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchi-sportchilarning trenerlarini taqdirlash alohida normativ-hujjatlarda belgilanadi.

Viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalari g‘oliblarini tayyorlagan sport ta’lim muassasalarining trenerlariga quyidagi malaka toifalari:

  • viloyat bosqichi g‘olibini tayyorlagani uchun birinchi malaka toifasi;
  • respublika va xalqaro musobaqalar g‘olibini tayyorlagani uchun oliy malaka toifasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi.
  • Xalqaro va respublika sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan o‘quvchi-sportchilarning trenerlarini rag‘batlantirish amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Xalqaro va respublika sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchi-sportchilarning trenerlarini moddiy rag‘batlantirish uchun mablag‘lar Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar hisobiga amalga oshirilishi nazarda tutiladi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM imtiyozli kirish

Baholaganlar

50

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing