OTM professor-o‘qituvchilariga qo‘yiladigan talablar o‘zgartirildi
Jamiyat
−
03 dekabr 2021
12838Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan “Davlat oliy ta’lim muassasalarida yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim faoliyatini amalga oshirish uchun ularning moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari va o‘quv-metodik ta’minotiga qo‘yiladigan minimal talablarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 2021 yil 22 iyundagi PQ-5157-son "2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Ma’lumot uchun! 2022/2023 o‘quv yili qabulidan boshlab, davlat oliy ta’lim muassasalariga, ular minimal talablarga javob bergan taqdirda, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Misol uchun, professor-o‘qituvchilarga qo‘yiladigan talablar quyidagilar:
• professor-o‘qituvchilar shtat birliklari soni bo‘yicha:
• kunduzgi va kechki ta’lim shaklida - har 16 nafar talabaga 1 shtat birligi;
• sirtqi ta’lim shaklida - har 20 nafar talabaga 1 shtat birligi;
• professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha:
• asosiy ish joyi bo‘yicha ishlaydiganlar ulushi - 40%;
• bakalavriat yo‘nalishida ilmiy darajalilar ulushi - 35%;
• magistratura mutaxassisligida ilmiy darajalilar ulushi - 100%.
O‘quv-metodik ta’minotiga qo‘yiladigan talablar:
• har bir bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoki magistratura mutaxassisligi uchun malaka talablari mavjudligi bo‘yicha - davlat ta’lim standarti va kasb standarti talablariga muvofiq bo‘lishi;
• o‘quv rejadagi har bir fanning o‘quv dasturlari mavjudligi bo‘yicha - davlat ta’lim standartlari va malaka talablarida belgilangan bilim, malaka, ko‘nikma va kompetensiyalarning talabalarda to‘liq shakllantirish imkonini yaratadigan darajada bo‘lishi va boshqalar.
O‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlar hamda axborot-resurs bazasi bilan ta’minlanganligi bo‘yicha:
• bakalavriat yo‘nalishida - har 6 nafar talabaga 1 donadan;
• magistratura mutaxassisligida - har 2 nafar talabaga 1 donadan va boshqalar.