OTM bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha yangi dastur ishga tushadi
Jamiyat
−
18 fevral
5444OTM bitiruvchilarini ishga joylashishiga ko‘maklashuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 14 fevral kuni qabul qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilarining ishga joylashtirishiga ko‘maklashishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi:
- o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun biznes g‘oyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida to‘liq hamrohlik qilish, shu jumladan qulay shartlarda moliyalashtirish;
- oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish.
Bunda:
- salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
- tanlov g‘oliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga ko‘ra individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi;
- individual kasbiy ta’lim dasturlarida ishlab chiqarish ob’ektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, 14 fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida O‘zbekistonda endilikda kambag‘al oila farzandiga qo‘shimcha grant ajratilishi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab berilishi aytilgan edi. Muloqotda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi ta’lim ekani ta’kidlangan. Shunga ko‘ra, kam ta’minlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Endilikda kambag‘al oilaning farzandiga ta’lim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.
LiveBarchasi