Otajonov va Ollaqulovni safimizga olmaymiz – Alisher Qodirov

Intervyu

0:00
0:00
download

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kutilmoqda. Bu orada esa O‘zbekistonda muxolif partiya tuzish va Prezident saylovida nomzodini ko‘rsatish taklifi bilan chiqqanlar bo‘ldi. Aytaylik, xonanda Jahongir Otajonov siyosiy faoliyatni boshlaganini e’lon qilib, Turkiyaga ketdi va Prezident bo‘lmoqchiligini aytdi. Termiz davlat universitetining sobiq rektori Xidirnazar Ollaqulov esa Prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchiligi, avval partiya tuzishga urinayotgani, lekin unga nisbatan tashqi bosim bo‘layotganini aytib chiqdi. 

Yuqorida nomlari keltirilgan shaxslardan biri – Jahongir Otajonov allaqachon siyosiy maqsadlaridan voz kechib, xonandalikka qaytdi. Holbuki, Ollaqulov va Otajonov ilgari surayotgan fikrlar nisbatan “Milliy tiklanish” partiyasi g‘oyalariga mutanosib. Xo‘sh, nima uchun bunday vaziyatda O‘zbekistondagi birorta partiya, xususan “Milliy tiklanish” Otajonov va Ollaqulovni o‘z safiga olmadi? Bu kabi savollar bilan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov “Milliy tiklanish” partiyasi raisi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirovga yuzlandi. 

“Siz nazarda tutayotgan “partiyalaringiz” partiya sifatida ro‘yxatdan o‘tmadi, lekin o‘tishga harakat qilishdi. Men ko‘p intervyularimda aynan shuni aytdim: O‘zbekistonda partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish qiyin ekanligi nimaga asosan xulosa qilinyapti? Menimcha, Jahongir Otajonov partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun harakat ham qilgani yo‘q. Ammo, Xidirnazar Ollaqulov boshchiligidagi partiya ro‘yxatdan o‘tishga harakat qilib ko‘rdi”, deydi Alisher Qodirov.

“Milliy tiklanish” rahbarining fikricha, Ollaqulov va tarafdorlari partiya tuzish bo‘yicha Adliya vazirligiga hujjat topshirmay turiboq, ijtimoiy tarmoqlar va odamlar orasida shovqin ko‘tarish bilan shug‘ullangan. 

“Ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan partiya ro‘yxatdan o‘tishidan bir oy oldin faqat “shovqin” bilan shug‘ullandi. Siz o‘z xayrixohlaringizni safingizga qo‘shsangiz bo‘lmaydimi, deb aytyapsiz. Men mana shu partiyalarning butun hatti-harakatini kuzatib bordim. Ishonasizmi, nafaqat xayrixohlarni izlash, balki o‘zimiz uchun ushbu jarayonlardan qandaydir ijobiy narsalarni topish uchun kuzatdim. Ammo bu teskari reaksiya berdi, bor hurmatimiz ham tushib ketdi. 

Partiya tashkil qilmoqchi bo‘lgan insonning oldida turgan birgina masala – ro‘yxatdan o‘tib olish. Buning manzili aniq – Adliya vazirligi. Borasiz, kerakli hujjatlarni topshirasiz, sizga kamchiliklarini ko‘rsatishadi, kamchiliklarni bartaraf etasiz. Jur’at bilan yana kirasiz, topshirasiz. 

Agar shu jarayonda sizga nisbatan qandaydir sun’iy harakat bo‘lsa, bu haqida konferensiyalar yoki brifinglar qilish mumkin. Buning o‘z tartib va taomillari bor. Lekin biz bu shu partiyalardan buni ko‘rdikmi? Bir marta ro‘yxat olib borildi va u ro‘yxatda ham “o‘lik jonlar”, imzosi tasdiqlanmagan minglab odamlar haqida gap ketgan. Men buni muhokama qilmoqchi emasman. Men aytmoqchi bo‘lgan narsa shuki, biz o‘z an’anasi bor,  O‘zbekiston mustqilligidan keyin yelkasiga bir g‘oyani olib, mana shu g‘oya uchun kurashayotgan partiya sifatida partiya bo‘lish uchun bunday nojiddiy va samarasiz, qandaydir tashqaridagi kuchlarga xizmat qiluvchi “shovqin”ni yaratish maqsadida tashkil etilayotgan partiyani nafaqat safimizga olmaymiz, hatto, qo‘llab-quvvatlamaymiz ham, ma’qullamaymiz ham”. 

Partiya rahbari so‘zida davom etarkan, O‘zbekistonda siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish qiyin, degan fikrlarni rad etdi: 

“Mana shu ikki vaziyatdan kelib chiqib, O‘zbekistonda siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish qiyin, deb gapirmaslik kerak. Partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha qonunchilikda normalar belgilab qo‘yilgan. Imzo masalasidagi jarayonlarni kimlardir “ataylab qilingan”, deydi. Hatto, biz va boshqa partiyalarda ham shunga o‘xshash voqealar ko‘p bo‘ladi: Prezidentlik va Parlament saylovlarida ishtirok etish uchun imzo varaqalari topshiriladi. Mana shu paytda bizda ham 5-10 foiz atrofda yaroqsizlari chiqadi. Imzolar bir-biriga o‘xshab qolgan yoki tasdiqlanmay qolgan imzolar bo‘ladi. Bu tabiiy jarayon. Ularga javob bermaydigan holat bo‘lsa va partiya ro‘yxatdan o‘tkazilishi rad etilsa, “Bu uyushitirildi, ataylab qilindi”, deyishadi. Bu fikrni men umuman qo‘llab-quvvatlamayman”. 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov bilan suhbatni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov Milliy tiklanish

Baholaganlar

188

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing