Otabek Umarov o‘z arizasiga ko‘ra MMA assotsiatsiyasi va Triatlon federatsiyasini tark etdi
Jamiyat
−
14 avgust 2020
18529Bugun, 14 avgust kuni O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi va triatlon federatsiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Unda shu bugungacha assotsiatsiya va federatsiyaga raislik qilib kelgan Otabek Umarovning rahbar sifatidagi o‘z vakolatlarini muddatidan avval tugatish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirilgani ma’lum qilindi.
“Mamlakatimiz, butun xalqimiz dunyoni larzaga keltirgan kuch bilan to‘qnash keldi. Ko‘rinib turibdiki, mavjud qiyinchiliklarni yengish uchun har birimizdan katta kuch va g‘ayrat talab qilinadi. Bunday vaziyatda men davlat xizmatini bajarish, jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar mutlaqo yangi harakterga ega va misli ko‘rilmagan javobgarlik darajasiga ko‘tarilganini bilaman. Bu menga sport tashkilotlaridagi lavozimimni tark etishdan boshqa imkoniyat qoldirmaydi. Sababi oddiy: MMA assotsiatsiyasi ham, triatlon federatsiyasi ham katta e’tibor va vaqt talab qiladi. Bugungi sharoitda, afsuski, bunga kafolat bera olmayman. O‘zbekiston har sohada muvaffaqiyatga intiluvchi, sportga qiziqishi yuksak bo‘lgan yoshlar yurtidir. Ular Davlatimiz shonu shuhratini dunyoga tanitishga intilishlari hech qachon kamaymaydi. Ikkinchidan, qisqa davr ichida bo‘lsa ham har ikkala federatsiyani mustahkam oyoqqa turib olishi, bundan keyin dadil rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratildi. Bunga juda mashaqqat va fidoyilik evaziga erishildi. Ishonchim komilki, mening o‘rnimga keladigan insonlar bu sport turlarini yanada rivojlantirishadi”, deydi Otabek Umarov.
Yig‘ilish davomida triatlon federatsiyasi raisligiga O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi Kotibi Viktor Mahmudov, MMA assotsiatsiyasi raisligiga esa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Bahodir Kurbanov bir ovozdan saylangan.
Ma’lumot o‘rnida, Otabek Umarov 2019 yil 9 noyabr kuni MMA assotsiatsiyasi raisligiga tayinlangan edi.
LiveBarchasi