Otabek Umarov Rossiyada sodir bo‘lgan teraktni keskin qoraladi
Jamiyat
−
24 mart
19230Prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuyovi Otabek Umarov ham “Krokus Siti Holl” konsert zalida yuz bergan terrorchilik harakatlariga ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida o‘z munosabatini bildirdi.
“Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan vahshiy terrorchilik harakati oqibatida Rossiya xalqiga, halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamda jabrlanganlarga chuqur ta’ziya izhor etaman”, deb yozgan u.
So‘zida davom etar ekan, Umarov zo‘ravonlik va terrorizmning har qanday ko‘rinishini, ya’ni bu shafqatsiz jinoyatni keskin qoralashi va terrorning har qanday ko‘rinishini butunlay rad etishini bildirgan.
“Shafqatsizlik va insoniyat mohiyatiga qarshi jinoyatlarga to‘la bunday xatti-harakatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va butun dunyo hamjamiyatining so‘zsiz qoralashiga loyiqdir. Biz ushbu fojiadan jabrlangan barchaga chuqur hamdardlik va qo‘llab-quvvatlashimizni izhor qilamiz. Biz siz uchun ibodat qilamiz va Qudratli Rabbiy sizga ushbu qiyin sinovni yengish uchun kuch berishini chin dildan umid qilamiz ”, deya so‘zni yakunlagan zaxiradagi polkovnik.
Eslatib o‘tamiz, 22 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putinga ta’ziya xati yo‘llagan edi. O‘zbekiston TIV Moskvada sodir etilgan teraktni qoraladi. Kecha, 23 martda Shavkat Mirziyoyev Putinga qo‘ng‘iroq qilib, yana bir bor chuqur hamdardlik bildirdi. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Moskvada sodir etilgan terakt munosabati bilan Rossiya Federal Kengashi Raisi Valentina Matviyenko va Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodinga ta’ziya maktubini yo‘lladi.
LiveBarchasi