Otabek Umarov OOK vitse-prezidenti bo‘lishi mumkin

Sport

image

O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarov nomzodi Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidentligiga ilgari surildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Kecha, 9 dekabr kuni MOQ Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan 16 dekabr kuni O‘monning Maskat shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Olimpiya Kengashining navbatdagi Bosh assambleyasiga tayyorgarlik ko‘rish, ushbu tadbirda bo‘lib o‘tadigan OOK rahbariyati tarkibiga, xususan, tashkilot vitse-prezidentligiga O‘zbekiston tomonidan taklif etiladigan nomzodni ko‘rib chiqish masalalari o‘rin oldi.

Bildirilishicha, 2025 yil Toshkent ilk bor yirik kompleks musobaqa – IV yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi.

Bo‘lib o‘tgan Ijroqo‘m yig‘ilishida bu kabi jihatlar inobatga olinib, sport va tashkilotchilik bo‘yicha katta salohiyatga ega bo‘lgan Otabek Umarov nomzodi Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidentligiga ilgari surildi.

Ta’kidlanishicha, Otabek Umarov O‘zbekiston triatlon federatsiyasi hamda mamlakat MMA assotsiatsiyasidagi faoliyati orqali mamlakatda ushbu sport turlarining rivojini yangi bosqichga chiqara olgan. 

Qayd etilishcha, Assambleyadan keyingi muddatda o‘tadigan kompleks musobaqalarga mezbonlik qiluvchi mamlakat OOKga vitse-prezidentlik uchun o‘z nomzodini ilgari surish imkoniyatiga ega. Shu tariqa O‘zbekiston ilk bor 2025 yil yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi evaziga ushbu nufuzli tashkilot rahbariyatiga o‘z vakilini nomzod qilib ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritmoqda.

Tadbir davomida Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlari direksiyasining direktori ham saylab olindi. Ushbu mas’uliyatli lavozimga MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov bir ovozdan ma’qul ko‘rildi. Shu tariqa Oybek Qosimov bir vaqtning o‘zida Qo‘mita Bosh kotibi va Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlari direksiyasining direktori sifatida faoliyat olib boradi.


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Umarov

Baholaganlar

563

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing