Otabek Umarov OOK vitse-prezidentligiga saylandi
Sport
−
08 Sentabr
61085Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida Osiyo Olimpiya kengashining 44-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi va unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi – Otabek Umarov Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afg‘oniston a’zo bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lum qildi.
Shuningdek, assambleya kun tartibiga muvofiq tashkilotning boshqa rahbarlik lavozimlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Tashkilotning muvaqqat rahbari bo‘lgan Raja Randhir Singx prezident etib saylandi.
Tadbirda Otabek Umarov qit’a sporti jahonda yanada katta e’tirofga sazovor bo‘layotgani, buning isboti o‘laroq Parij-2024 yozgi Olimpiada o‘yinlarida Osiyoning 4 davlati top-15 talikdan joy olgani, Prezident Shavkat Mirziyoyevning sportni qo‘llab-quvvatlashlari bilan O‘zbekiston o‘z tarixida eng yaxshi natijani qo‘lga kiritganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, bildirilgan ishonchni oqlashga, mintaqada Olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini yanada keng targ‘ib qilishga va’da berdi.
Ma’lumot uchun, bungacha Otabek Umarov “Toshkent-2025” yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha vitse-prezident bo‘lgan. Agar bu vaqtinchalik lavozim musobaqa oxirigacha amal qilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezident lavozimi doimiy xarakterga ega bo‘ladi. Endi Umarov qit’aning beshta mintaqasidan birida Olimpiya sportini rivojlantirish uchun javob beradi.
LiveBarchasi