“Ota-onalar qarzga botadi”. Deputat OTMlarda kontrakt ta’tillari berishni taklif etmoqda
Jamiyat
−
21 aprel 2020
10493Koronavirus pandemiyasi ortidan dunyo iqtisodiyotini qamrab olgan inqiroz vaqtida ko‘plab sohalarda xarajatlarni qisqartirish, shuningdek aholiga ijtimoiy yordamlar masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Chunki pandemiya sababli ko‘rilgan karantin choralari aholi to‘lov qobiliyatiga ta’sir etmay qolmaydi. Shular qatori OTMlarda talabalar kontraktlarini qisqartirish yoki kontrakt ta’tillari berilishi taklif etilmoqda. Adolat SDP a’zosi, Arnasoy tuman Kengashi deputati Farrux Abduhamidov bu bo‘yicha o‘zining bir necha mulohazalarini keltirib o‘tgan.
“Ma’lumotlarga qaraganda, bugun O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi tufayli bir yarim milliondan ortiq fuqarolar ishsiz qolgan. Shuningdek, chet eldan qaytgan 140 mingdan ortiq fuqarolar doimiy daromadlaridan mahrum bo‘lgan, 200 mingdan ortiq oila qashshoqlik yoqasiga kelib qoldi.
Bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish uchun esa davlatlarda turlicha yo‘llardan foydalanilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham ehtiyojmand oilalarga zaruriy ozuq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda”, deya deputat bu oilalarning chindan ehtiyojmand ekanligiga ishonmasligini aytmoqda.
“Men bugun mamlakatimizdagi 1,5 million ishsizlarning farzandlari bo‘lgan talabalar haqida o‘z fikrimni bildirib o‘tmoqchiman. Oxirgi vaqtda o‘tkazilayotgan hukumat darajasidagi yig‘ilishlarda e’tibor faqat iqtisodiy inqiroz tahlillari va oziq-ovqat masalalariga qaratilmoqda. Ammo biz pandemiya sharoitidan keyingi O‘zbekiston taraqqiyotini belgilovchi, kelgusida bunday pandemiyalarni ta’sirini imkon qadar mamlakatimizga yetib kelmasligini hal qiluvchi kadrlar bo‘lgan talabalarni unutdik.
Hozirgi kunda barcha ta’lim jarayonlari masofaviy shaklda davom ettirilmoqda. Shu boisdan, oliy ta’lim tizimidagi professor o‘qituvchilar ham har kunlik ishga qatnash va ortiqcha qog‘ozbozlikdan qisman ozod etilgan. Barcha professor o‘qituvchilarga ta’til pullari va oylik maoshlari to‘liq shaklda to‘lab kelinayotgani bo‘lsada, oliy ta’lim muassasalarining harajatlari ma’lum miqdorda qisqargan. Bu qisqarish oliy ta’lim muassasalari, talabalar turar joyidagi ta’mirlash harajatlari va kommunal xizmatlardan foydalanilmayotganligi hisobiga yuzaga kelgan.
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasasi talabalarining 90,2 foizi to‘lov shartnomasi asosida tahsil oladilar. Ularning shartnoma pulini to‘lovchilarning aksariyati esa oddiy ishchi xalqimiz bo‘lsa ajabmas. Bugun 1,5 million ishsiz bo‘lgan (aslida bu raqam 5-6 milliondan kam emas) oilalar farzandlarining to‘lov shartnoma pullarini to‘lashda turli muammoga duch kelmoqda ekanliklari tabiiy. Chunki ayrim oilalarning 2-3 ta farzandlari shartnoma asosida ta’lim oladi.
Hozirgi vaziyatni hisobga olib hukumat tomonidan tadbirkorlar, dehqon va fermerlarni qo‘llab quvvatlash uchun ma’lum darajadagi mablag‘lar ajratilmoqda. Aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash bugungi kunda uchun dolzarb hisoblanadi. Lekin o‘sib kelayotgan avlodga sifatli ta’lim berish kelajak uchun poydevor yaratadi. Shu boisdan, “Adolat” SDP saylovchilar fikrini inbotga olgan holda, 2019-2020 o‘quv yilining ikkinchi yarim yillik uchun to‘lanadigan talabalarning to‘lov kontrakt summasidan 2 oy uchun qisqartirishni taklif etadi.
Bu esa o‘z navbatida, shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalarning kontrakt miqdorini kamaytirib ko‘pgina oilalarga byudjetini tanazzuldan saqlab qoladi. Aks holda, o‘z farzandlari kelajagi uchun befarq bo‘lmagan hamda 1,5 milliondan ortiq ishsizlar orasidagi ota-onalar farzandlari kontrakti uchun qarzga botadilar. Natijada pandemiya tugasa ham, muammo yakun topmaydi.
Shu o‘rinda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan quyidagi sabablarni vaj sifatida ko‘rsatmasliklarini so‘ragan bo‘lar edik:
• Professor-o‘qituvchilarga oylik maosh to‘lash uchun talabalar tomonidan to‘lanayotgan kontraktdan tashqari davlat byudjetidan ham mablag‘ ajratiladi. Barchamizga ma’lum, talabalar to‘layotgan kontrakt oliy ta’lim tizimiga qilinayotgan xarajatlarni 68% foizinigina qoplaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4391-son qarori muvofiq 2020 yil 1 yanvaridan 10 ta oliy ta’lim muassasasi o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilgan.
• Oliy ta’lim muassasida faqat professor-o‘qituvchilar emas, balki yordamchi personallar ham faoliyat yuritib kelmoqdalar, ularning kontingenti professor-o‘qituvchilar miqdori bilan teng. Ularga ham hozirgi kunda faoliyat yuritmayotgan bo‘lsalar ham, oylik maosh to‘lab kelinmoqda.
• Respublikada karantin e’lon qilinganligi sababli 1 apreldan OTMlar qisqa vaqt orasida masofaviy dars shakliga o‘tkazildi. Lekin aksariyat OTM moddiy bazasi, serverlari bu yuklama uchun mo‘ljallanmaganligi sababli qo‘shimcha harajatlarga sabab bo‘ldi.
Yuqorida keltirib o‘tilgan kabi misollar Oliy va O‘rta-maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati tomonidan keltirib o‘tmasliklarini so‘rab qolgan bo‘lar edik. Chunki OTMlar talabalar tomonidan amalga oshiriladigan to‘lov-kontrakt hisobiga emas, balki o‘z ilmiy salohiyatini mablag‘ga aylantirishni yo‘lga quyganlarida bu kabi muammolar qarshisida qolmagan bo‘lar edilar. Aybni talabalardan emas, o‘z vaqtida oliy ta’lim tizimida islohotlarni yetarlicha amalga oshira olmagan soha mas’ullaridan qidirish darkor.
Balki o‘qishga qatnamayotgan talabani shartnoma pulidan to‘liq ozod qilishning imkoni yo‘qdir, ammo hech yo‘q to‘lov miqdorini 2 oy uchun qisqartirish ustida aniq harakatlar olib borilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Yoki banklar ipoteka ta’tillari e’lon qilgani kabi konrakt ta’tillari e’lon qilish kerakdir. Ya’ni, talaba pul to‘lashdan ozod qilinmiydi, ma’lum vaqt o‘tgandan keyin ota-onasi o‘z ish faoliyatini davom ettirib oilaning iqtisodiy ahvoli izga tushgach to‘lovni amalga oshiradi.
Menimcha bu takliflarni amaliyotga tadbiq etishda muammo bo‘lmaydi. Chunki amaldagi qonunchiligimiz bo‘yicha kontrakt to‘lovining muddatini belgilash rektorlar vakolatiga berilgan”, deb yozadi deputat.
LiveBarchasi