Osmonga sochilgan yulduzlar — “Paxtakor-79” aviahalokatiga 42 yil to‘ldi

Sport

image

XX asrning ikkinchi yarmida yuzlab samolyot halokatga uchradi. Buning natijasida ko‘plab insonlar halok bo‘ldi. 42 yildan buyon aviahalokat haqida eshitgan zahoti, o‘zbek futbol muxlislari, eng avvalo, “Paxtakor-79” jamoasini yodga oladi.

11 avgust o‘zbek futboli tarixiga abadiy muhrlanib qoladi

Ukrainaning Dneprodzerjinsk viloyatida (hozirgi Kamenskoye) suv sathidan 8400 m balandlikda “Aeroflot” kompaniyasining ikkita TU-134 A (7628 Chelyabinsk-Voronej-Kishinyov va 7880 Toshkent-Gurev-Donetsk-Minsk yo‘nalishidagi) samolyotlari to‘qnashdi. Hodisa oqibatida 178 kishi vafot etgan.

Qurbonlar soni bo‘yicha bu samolyot halokati Sobiq Ittifoq tarixida birinchi, dunyoda ikkinchi, samolyotlarning to‘qnashuvi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Halok bo‘lganlar orasida “Paxtakor” jamoasinining 17 nafar futbolchilari ham bor edi, shuning uchun ushbu voqea o‘ziga xos rezonansni keltirib chiqargan. Mutaxassilar fikriga ko‘ra, fojiadan keyin “Paxtakor” jamoasi o‘sha davrdagi mahorat darajasiga qayta ko‘tarila olmagan.

Jamoaning o‘yinlarini sharhlagan Axbor Imomxo‘jayev avihalokatni hayotidagi eng katta fojia sifatida qabul qilgan. Chunki o‘sha “Paxtakor”ning har bir a’zosi Axbor Imomxo‘jayev uchun do‘st, aka-uka, qadrdon bo‘lib qolgan. Oradan 42 yil o‘tgan bo‘lsa-da, yozgan kitoblarining barchasida halok bo‘lgan futbolchilarni eslab o‘tadi va kitobxonlarga tanishtiradi.

“12 avgust kuni tonggi soat to‘rtlarda uyimiz oldiga O‘zbekiston Sport qo‘mitasining navbatchilik mashinasi kelib to‘xtadi. Siz zudlik bilan Sport qo‘mitasiga borar ekansiz, deyishdi. Yo‘lda yuragim allanechuk bo‘lib ketaverdi, menga qisqagina qilib, “halokat”, deb javob berishdi…

Binoga ko‘p odam to‘plangandi – kim qattiq hayajonda, kim jiddiy va tashvishli, hamma nimanidir kuyib-pishib muhokama qilardi. Xonalarda telefonlar beto‘xtov jiringlardi. Men O‘zbekiston hakamlar kollegiyasi raisi Viktor Vishinskiydan nima gapligini aniqroq aytishini iltimos qildim. U Minsk yo‘lida ikki samolyot bir-biriga to‘qnashgani, ulardan birida “Paxtakor”ning asosiy tarkibi uchib ketayotganini so‘zlab berdi. Ko‘z oldim qorong‘ilashib, karaxt bo‘lib qoldim. Ilgari bu borada gapirish yoki yozish man etilgan edi, ammo fojia muqaddas Ramazon oyida ro‘y bergandi”, deydi Axbor Imomxo‘jayev.

Taniqli sharhlovchi Mirzahakim To‘xtamirzayev QALAMPIR.UZ nashriga bergan intervyusida “Paxtakor-79” jamoasi haqida fikr bildirgan edi.

“Barcha sohada avlodlar almashinuvi bor gap. Bizning davrimizdagi odamlar haligacha 60-yillardagi futbolni sog‘inch bilan eslaydilar. Gennadiy Krosnidskiyning maydon markazidan bergan zarbalari, barchasi golga aylanmagandir, lekin u zarba berayotgan paytda darvozabonlar zir titraganini televizor orqali ko‘rganmiz. Birodar Abduraimovning burchak zarbalaridan bevosita gollar urishini sog‘inadilar. “Paxtakor” 1962 yili chempionatda 6-o‘rinni egallagan, 1967 yilda kubok finaliga chiqqan. Bu jamoa tarixidagi eng yaxshi natija hisoblanadi.

1968 yilda jamoa o‘rta pog‘onalarni egallagan bo‘lsa ham, Birodar Abduraimov 22 gol bilan eng sermahsul to‘purar bo‘lgan. Uni darrov SSKA safiga olib ketishgan. Kuchli jamoalar bilan o‘yinlarda darvozasini ishonchli qo‘riqlagani uchun Yuriy Pshenichnikovni Moskvaga olib borishgan va SSSR terma jamoasiga jalb qilingan. Aksariyat futbolchilar kuch bilan markazga olib ketilgan. Faqatgina Vladimir Fyodorov 1976 yilda “Paxtakor” safida qolgan”, deydi Mirzahakim To‘xtamirzayev.

Garchi jamoa sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, o‘yin bo‘ladigan kun haqiqiy bayramga aylangan. Muxlislar doimo futbolchilarni qo‘llab-quvvatlagan, mag‘lubiyatga uchralganida esa, ota meros toshoynalar sindirilgan.

O‘zbek futboli Idgay Tazetdinov, Mixail An, Vladimir Fyodorov, Olim Ashurov, Ravil Agishev, Konstantin Bakanov, Yuriy Zagumennix, Aleksandr Korchenov, Nikolay Kulikov, Vladimir Makarov, Sergey Pokatilov, Viktor Churkin, Sirojiddin Bozorov, Shuxrat Eshbo‘tayev, Vladimir Sobirov, Vladimir Chumakov va Mansur Tolibjonov kabi qahramonlarini hech qachon unutmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Axbor Imomxo'jaev Paxtakor-79 Mirzahakim To'xtamirzaev Humoyun Oripov Avihalokat Osmonga sochilgan yulduzlar

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing