Osiyoning eng boy bankiri dollarni “moliyaviy terrorchi” deb atadi
Olam
−
30 aprel 2023
11318Osiyoning eng boy bankiri va Hindistonning eng yirik banklaridan biri “Kotak Mahindra Bank”ning bosh direktori Uday Kotak AQSH dollarini tanqid qilib, “dunyodagi eng yirik moliyaviy terrorchi” deb atadi. Uday ushbu fikrni Dehlidagi ET mukofotlarini topshirish marosimida bildirgan.
“Men dunyodagi eng yirik moliyaviy terrorchi AQSH dollari ekaniga ishonaman. Bizning barcha pullarimiz nostro hisoblarida va kim bilsin, ertaga birdan AQSHdagi har qanday inson pullarini yechib ololmay qolishi mumkin”, deydi u.
Udayning aytishicha, ayni paytda dunyoda muqobil zaxira valyutasi qidirilmoqda va Hindiston rupiyasini shunday zaxira valyutaga aylantirish vaqti kelgan. Bank rahbari jahon zaxira valyutasini yaratish uchun Hindiston uzoq yo‘l bosib, kuchli institutlar barpo etishi kerakligini ta’kidlagan.
“U hech kimning xohish-istaklariga bog‘liq bo‘lmagan tuzilma yaratishi kerak. Mexanizmlar ishonchli bo‘lmog‘i lozim. Hindistonga butun dunyo ishonishi kerak”, deydi Uday.
O‘tgan yilning noyabr oyi boshida Hindiston hukumati tashqi savdo siyosatining bir qismi sifatida eksportni rag‘batlantirish maqsadida xalqaro savdo hisob-kitoblarida uning milliy valyutasi rupiydan foydalanishga ruxsat bergan. Savdo vazirligi tomonidan ushbu tuzatishlar hind rupiyasining xalqarolashuviga qiziqish ortib borayotganini hisobga olgan holda, xalqaro savdoni soddalashtirish va yengillashtirish uchun kiritilgan.
Ma’lumot uchun, Uday Suresh Kotak hindistonlik bankir va milliarder hisoblanib, boyligi 14,8 milliard dollarni tashkil qiladi. U “Kotak Mahindra Bank”ining ijrochi vitse-prezidenti va boshqaruvchi direktori hamdir. Uning banki Hindistonning korporativ tarixida mamlakat zaxira bankidan litsenziya olgan birinchi kompaniya bo‘lgan.
LiveBarchasi