Osiyo o‘yinlari. O‘zbekiston yana 2 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza oldi

Sport

−

image

Bugun, 30 sentyabr kuni Yaponiyaning Aichi-Nagoya shaharlarida o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar yana 2 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Xususan, -52 kg vazn toifasidagi dzyudo bahslarda ishtirok etgan Sita Qadamboyeva Osiyo o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritdi. Sportchi finalda janubiy koreyalik raqibini mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abdurahim Nutfullayev ham sovrindorlar qatoridan joy oldi. -66 kg vazn toifasida ishtirok etgan atlet finalda mo‘g‘ulistonlik sportchiga imkoniyatni boy berdi va kumush medalga egalik qildi.

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Samariddin Qo‘chqorov esa Osiyo o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritdi. -60 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi bronza medali uchun bahsda tojikistonlik Loiq Kudbidinovdan ustun keldi va 3-o‘rinni egalladi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Aytjan Xalmaxanov ham o‘z nomini musobaqa chempionlari qatoriga qo‘shib qo‘ydi. Sportchi -67 kg vazn toifasining finalida yaponiyalik raqibini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Yunon-rum kurashi bahslarida yana bir medalga -87 kg vazn toifasida bahs olib borgan Jalgasbay Berdimuratov bronza medaliga ega chiqdi. Berdimuratov uchinchi o‘rin uchun bahsda qozog‘istonlik sportchidan ustun keldi.

Ma’lumot uchun, hozirda Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi g‘aznasida 16 ta oltin, 18 ta kumush va 19 ta bronza medal bor. Ushbu natija reytingda 4-hisoblanadi. O‘zbekistondan yuqorida Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy o‘rin olgan. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing