Osiyo Kubogi 2028 yilga qoldirilishi mumkin
Sport
−
14:29 2323 3 daqiqa
Saudiya Arabistonida 2027 yil yanvar oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Osiyo Kubogi zarurat tug‘ilsa, bir yilga kechiktirilib, 2028 yilga qoldirilishi mumkin. Bu haqda Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa ma’lum qildi.
So‘nggi kunlarda mintaqadagi harbiy keskinlik kuchayib, Saudiya Arabistonida xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar ortdi. Shu sababli qit’aning eng yirik futbol musobaqasini belgilangan muddatda o‘tkazish masalasi muhokama qilinmoqda.
“Biz noyabr oyining oxirigacha kutishimiz mumkin”, deydi OFK prezidenti kecha, 14 oktyabr kuni Syurixda jurnalistlar bilan suhbatda.
2027 yilgi Osiyo Kubogi 7 yanvar kuni Saudiya Arabistonining Jidda, Ar-Riyod va Al-Xubar shaharlarida boshlanishi rejalashtirilgan.
“Mintaqadagi vaziyat juda tez o‘zgarishi mumkin. U yaxshi tomonga ham, yomon tomonga ham o‘zgarishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun vaziyat qanday rivojlanishini kuzatishimiz kerak.
Agar qaror qabul qilish zarurati tug‘ilsa, buni amalga oshiramiz. Kerak bo‘lsa, musobaqani bir yilga kechiktirib, 2028 yilda o‘tkazishimiz mumkin. Hozircha esa vaziyatni kuzatyapmiz va barchasi reja bo‘yicha ketmoqda”, deydi Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa.
Mintaqadagi vaziyat futbol musobaqalari taqvimiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Joriy yilning 12 oktyabr kuni Farg‘onaning “Neftchi” jamoasining Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi “Al-Nasr” klubiga qarshi Osiyo Chempionlar ligasidagi uchrashuvini bir soatga kechiktirdi. Bunga Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya Ar-Riyod tomon uchirilgan raketani tutib olgani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni milliy chempionatidagi uchta uchrashuv, jumladan, “Al-Nasr” ishtirokidagi bahs ham shu hafta qoldirildi. Novak Jokovich, Karlos Alkaras va Aleksandr Zverev ishtirok etishi rejalashtirilgan “Six Kings Slam” tennis musobaqasi ham dekabr oyining oxiriga ko‘chirilgani aytilmoqda.
Osiyo Kubogida ishtirok etadigan 24 terma jamoadan biri bo‘lgan Avstraliya futbol assotsiatsiyasi Saudiya Arabistonidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini bildirdi. Janubiy Koreya professional futbolchilar assotsiatsiyasi ham musobaqa ishtirokchilarining xavfsizligi yuzasidan jiddiy xavotir bildirgan.
“Yaqin Sharqda davom etayotgan harbiy keskinlik va xavfsizlik bilan bog‘liq beqarorlikni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi”, deydi Koreya professional futbolchilar assotsiatsiyasi prezidenti Li Gin Xo.
Uning ta’kidlashicha, hech bir musobaqaning ahamiyati futbolchilar va muxlislar hayoti hamda xavfsizligidan ustun bo‘lishi mumkin emas.
Ma’lumot uchun, 19-Osiyo Kubogi 2027 yil 7 yanvardan 5 fevralga qadar Saudiya Arabistonining Ar-Riyod, Jidda va Al-Xubar shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Iordaniya, Shimoliy Koreya va Bahrayn terma jamoalari bilan birga turnirning “B” guruhidan joy olgan. Saudiya Arabistoni terma jamoasi esa musobaqaning guruh bosqichida Quvayt, Ummon va Falastin terma jamoalari bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanaffus payti safarda Saudiya Arabistoni terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushmoqchi. Bu esa hali O‘FA tomonidan tasdiqlanmagan.
Live
Barchasi