Orzum bor, Toshkentda “Media City” quramiz – Ortiqxo‘jayev
Jamiyat
−
02 iyul 2019
5662Poytaxt Toshkentda “Media City” quriladi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga asoslanib xabar bermoqda.
“Avvallari chet ellarda ko‘p bo‘lar edik. Shundan buyon niyatim borki, biz ham “Media City” qurishimiz kerak. Ya’ni hamma media namoyandalari – tahririyatlar bo‘ladimi yo blogerlar, saytlarning kichik shaharchasi bo‘lishi kerak. Ular bir-biriga havas qilib, tajriba almashib ishlashi kerak. Dubayda shunday shaharchaga kirib, havasim kelgan. Hamma nashriyot va saytlar bir joyda joylashgan. Men hammangizni bir joyda, kichik bir shaharchada ko‘rishni orzu qilaman”, degan Ortiqxo‘jayev.
Ma’lumki, Toshkent shahri 2017 yildan buyon katta bunyodkorlik markaziga aylandi. Poytaxtda “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishiga start berildi. Shundan so‘ng, tumanlarda city’lar qurilishi boshlandi. Bugungacha Toshkentda barpo etilayotgan zamonaviy shaharchalar o‘z ichiga biznes markazlar, ko‘p qavatli uylar, do‘kon va restoranlarni qamram olayotgan edi. Ular orasida biror media o‘z shaxsiy binosini qurish uchun yer olgani yo‘q.
Bugun davlat ro‘yxatidan o‘tgan ommaviy axborot vositalari 1700 dan oshdi. Ularda minglab xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda. Biroq, mamlakatda aksariyat ommaviy axborot vositalari o‘z binosiga ega emas. Ko‘plari “ko‘chmanchi” tamg‘asi bilan goh u binoda, goh bu binoda kun ko‘rib yuribdi. Bunga asosiy sabab esa binoning hududiy joylashuvi va ijara miqdori. Zamonaviy shart-sharoitlarga ega va kommunikatsiya bilan ta’minlangan binolar ijara haqi endigina ish boshlagan OAV tugul, bir necha yillik tajriba va daromadga ega ba’zi OAVga ham og‘irlik qilmoqda.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning orzusidagi “Media City”ga kelsak, u mulkchilik shakliga ko‘ra qanday bo‘ladi, kim quradi, kim egalik qiladi, yo OAVda ham tabaqalanish boshlanadimi... bu kabi savollarning oxiri yo‘q. Hozircha xayol bo‘lgan “Media City”ga ko‘pi bilan qancha OAV joylashishi ham ma’lum emas. Balki tez kunda Ortiqxo‘jayev bu borada aniq ma’lumot berar.
Ma’lumot o‘rnida, Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkor sifatida mediaga begona emas. U “Zo‘r TV” telekanalining muassislaridan biri hisoblanadi.