Ortiqxo‘jayev hokimlikdagi yangi rejalari haqida gapirdi (video)

Intervyu

Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimligi kadrlar yetishtiruvchi “kombinat”ga aylanishiga umid qilishini aytdi. U jurnalist va blogerlarning ishonchini oqlash haqida ham gapirdi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi o‘laroq tasdiqlanarkan, o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni iymon va sadoqat bilan bajarishga so‘z berdi. QALAMPIR.UZ bilan suhbatda u shunday deydi: 

“Mana bugun Toshkent shahar hokimligida katta siyosiy jarayon bo‘lib o‘tdi. Muhtaram Prezidentimiz tavsiyalariga binoan shahar deputatlari Toshkent shahar hokimligiga sayladilar. Buning uchun rahbarimizning menga bergan ishonchlari va kelajakda qilishim kerak bo‘lgan, menga yuklatilgan vazifalarni adolatli, iymon va sadoqat bilan bajarishga so‘z beraman.

Albatta, deputatlarimizning ham bergan ishonchlari uchun minnatdorlik bildiraman. Kelajakda vazifamni bajarish davomida mamlakatimizda birorta soha e’tibordan qolmasligiga, har bir sohaning muammolari ildizi bilan o‘rganib hal qilishga so‘z beraman. 

Bu katta mas’uliyat va vazifa. Muhtaram Prezidentimizning, deputatlarimizning bergan ishonchi hamda jurnalist, blogerlarning intiqib qarab turgan ishonchini ko‘rib juda katta vazifa ekanligini his qilaman. Bunda o‘zimni chetga olish yo‘q. Bo‘ynimda turgan vazifalarni, chin dildan, ikkilanmasdan ado etishga va’da beraman”, deydi qayta lavozimga tasdiqlangan Ortiqxo‘jayev. 

Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘z nutqida kadrlar va korrupsiya masalalariga ham alohida to‘xtaldi. Shuningdek, hokim har bir qilingan ishni oxirini kutilsa, natija ertaklardagidek bo‘lishini ta’kidladi. 

“Toshkent shahar hokimligi kadrlar yetishtiruvchi “kombinat”ga aylanishiga harakat qilamiz. Korrupsiya holatlarini yo‘qotishga va umuman adolat bilan xizmat qilishga har bir daqiqamni, har bir soatimni insonlarni barakotli yashashi, fayzli yashashi hamda ularning ijtimoiy-siyosiy muammolarini yechishga e’tibor qarataman, deya so‘z beraman.  

Va albatta, Sizlar, deputatlar, hukumat a’zolari, OAV vakillari! Biz birga bo‘lsak, so‘z berib aytamanki, Toshkent shahar hududida boshlagan ishlarimiz albatta, muvaffaqiyatli bo‘ladi. Buni men his qilaman. To‘g‘risini aytaman, bu kechalari tushlarimga kirib chiqadi va bunga ishonaman. Hammamiz birga bo‘lsak, ishonsalaring, oldimizga qo‘ygan vazifalarga erishamiz. Har bir bola, yosh yigit, har bir o‘g‘lon, har bir onamiz, butun shahar aholisi farovon yashashini ta’minlashga harakat qilamiz. Men bunga so‘z beraman. Albatta, sizlar bilan birgalashib qilamiz. Men o‘zim hech narsa qilolmayman. Hech narsaga erisholmaymiz. Mening yordamchilarim bor. Tuman hokimlari bor. Shahrimiz fuqarolari bilan hokimiyatni bog‘lab turuvchi OAV vakillari bor. Buni xalqimizga to‘g‘ri talqin qilib bersangiz, albatta, o‘ylagan niyatlarimizga erishamiz. O‘ylagan maqsadlarga tezroq boramiz. Albatta, xatoliklar ham bo‘ladi. Ammo hamma narsaga sabr-toqat. Toshkent shahri fuqarolariga aytmoqchimanki, har bir qilingan ishning oxiriga qadar sabr qilsalar, hammasi ertaklardagidek bo‘ladi. Ya’ni natijani ko‘rib baho bersalar, shundagina biz vazifani bajarganimiz yoki bajarmaganimiz haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishadi. Har bir boshlangan ishni natijasiga ko‘ra hulosa qilishlarini istagan bo‘lardim. 

Toshkent shahar hokimligi OAV uchun ochiqlik va demokratik tamoyillar bilan ish yuritishni ta’minlaydi. Biz har doim ochiqmiz”, deydi Ortiqxo‘jayev. 

Ma’lumot o‘rnida, Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 yilning 26 aprel kuni Toshkent shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida ish boshlagan va 2019 yilning 21 dekabr kuni u poytaxt hokimi lavozimiga tasdiqlangan edi. Bugun, 2020 yil 13 yanvar kuni saylovlardan so‘ng, 6-chaqiriq Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining birinchi sessiyasida qayta shahar hokimligiga tasdiqlandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

31

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing