Ortiqxo‘jayev siyosiy tajribasi kamligidan pand yeganini aytdi (video)
Intervyu
−
13 yanvar 2020
8984Bugun, 13 yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shaxar Kengashining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tgani, unda Jahongir Ortiqxo‘jayev nomzodi Toshkent shahar hokimligiga tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.
Sessiya yakunida Ortiqxo‘jayev ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan suhbatlashdi. QALAMPIR.UZ hokimdan intervyu olishga muvaffaq bo‘ldi.
Suhbatda Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zining siyosiy tajribasi kamligi ortidan pand yegani, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p ekani va OAVdagi negativ materiallar kayfiyatiga ta’sir o‘tkazishi haqida gapirdi.
“Albatta, mening siyosiy tajribam yo‘qligi pand bergan joylari bo‘ldi. 18 oy hokim lavozimida ishlagan bo‘lsam, biroz o‘rgandim. Xulosalarim shundan iboratki, juda ko‘p mehnat qilishimiz kerak. Juda ko‘p izlanishimiz kerak. Bu yo‘lda to‘xtamasligimiz kerak. Oldimizga qo‘ygan ishlar juda ko‘p. Ishlarimiz tasvirlab bera olmaydigan darajada ko‘p”, deydi Ortiqxo‘jayev.
Toshkent shahar hokimi ishdagi kayfiyat va foydalilik koyefitssiyenti haqida ham gapirdi. Uning fikricha, OAVdagi negativ materiallar ish unumiga ta’sir qiladi.
“Xulosalarimdan yana biri shuki, ishning yurishi uydan chiqayotganingizdagi kayfiyatga bog‘liq. Agar OAVda hadeb negativ (material) yozilaversa, kayfiyatga ta’sir qilib, ish unumi yo‘qolarkan. Agar hamma qo‘llab-quvvatlab tursa, ko‘proq natijalarga erishish mumkinligini xulosa qildim. Shuning uchun yaxshi ishlarimizni maqtashsa, ikki-uch karra ko‘proq ishtiyoq ochilishini sezdim. Agar kayfiyat buzilsa, bu ishingizga katta ta’sir qilarkan. Foydalilik koyefitssiyenti osharkan. Natija shundayki, ko‘p narsalarga e’tibor qilmasdan yana mehnatda davom etish kerak. Faqat mehnat orqali qiyinchiliklarni yengish mumkinligiga yana bir bor ishonchim komil bo‘ldi”, deydi Toshkent shahar hokimi.
Eslatib o‘tamiz,Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida o‘tayotgan sessiyada Toshkent shahar hokimligiga Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘rsatilgan nomzod rasman tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi lavozimida faoliyatini davom ettiradi.
LiveBarchasi