Ortiqxo‘jayev toshkentliklarga murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
09 iyul 2020
18267O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq holat keskin tus olmoqda. Kecha mamlakatda o‘lim holati ham, kasallanish ham rekord darajaga chiqdi. 8 iyul kuni koronavirus bilan bog‘liq 422 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, shundan 223 tasi Toshkent viloyati va Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Qayd etilgan 5 ta o‘lim holatidan 3 tasi ham poytaxtdan.
Shu bois Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt aholisi va mehmonlarga murojaat bilan chiqdi. Hokim ham Toshkentda kasallanish holatlari ko‘payib borayotganini afsus bilan qayd etgan.
“So‘nggi oylar davomida Toshkent shahrida epidemiologik vaziyatlar ijobiy tomonga o‘zgarganligi sababli oilaviy tadbirlar, to‘y-hashamlarning o‘tkazilishiga ruxsat berildi. Ishlab chiqarish korxonalari, qurilish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi. Xotirjamlikka berilganligimiz, sanitariya va epidemiologiya nazorati talablariga to‘liq rioya etmaganligimiz, to‘ylarni 30 dan ortiq kishilar ishtirokida o‘tkazganimiz, oilaviy boshqa tadbirlarni ham ko‘paytirganimiz, jamoa bo‘lib yig‘ilishlar ortgani kabi karantin talablariga zid bo‘lgan harakatlar oqibatida oxirgi o‘n kunda poytaxtimizda kasallikka chalinish holatlari keskin oshib, kunlik 30-40 tadan o‘rtacha 150-200 tagacha ko‘paydi, o‘lim holatlari ham ortdi.
Koronavirus menga ta’sir qilmaydi, mendan uzoqda degan fikrda bo‘lsak, adashamiz. Xavf ortda qolishi uchun hammamiz sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq amal qilishimiz, beporvolikka yo‘l qo‘ymasligimiz, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmasligimiz, jamoa bo‘lib yig‘ilmasligimiz, avvaldan mo‘ljallangan jamoaviy tadbirlarni ortga surishimiz lozim.
Bugun aksariyat xizmatlar, hatto savdo-sotiq ham onlayn yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har birimiz undan unumli foydalanishimiz zarur.
10 iyuldan uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat hamda axborot berishga qaratilgan tunu kun uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi 1105 qisqa raqamli Call-markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etiladi.
Salomatligingizda biror noxushlik va kasallik alomatlarini his qilganingizda befarq bo‘lmang, darhol shifokorlarga murojaat qiling va nazoratda bo‘ling, o‘zingizni yakkalang va zarur muolajalarni o‘z vaqtida ko‘ring.
Koronavirusni jamiyatning birligi, jipsligi va bu borada belgilangan barcha qoidalarga rioya qilishi bilangina yengishimiz mumkin.
Bu masalada bizga yordam bering, salomat bo‘ling.
Hurmatli hamshaharlar!
O‘zimiz, yaqinlarimiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz hamda farzandlarimizning hayotiga aslo befarq bo‘lmaylik.
Karantin qoidalariga qat’iy rioya etsak bugungi murakkab vaziyatdan barchamiz tez kunlarda o‘tib olamiz”, deyiladi murojaatda.