Orolda suv sathi 44 metrga ko‘tarilishi mumkin
Olam
−
14:52 3305 2 daqiqa
Qozog‘iston Jahon banki bilan hamkorlikda Shimoliy Orolda suv sathini Boltiq tizimi bo‘yicha 44 metrga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Bosh vaziri matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt davomida Shimoliy Orol maydoni 36 foizga kengaygan. Suv hajmi esa qariyb ikki barobar oshib, 23,4 milliard kub metrga yetgan. Shu bilan birga, suvning minerallashuv darajasi ikki barobar kamaygan.
Loyihaning keyingi bosqichida Ko‘karal to‘g‘onini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Jahon banki bilan birgalikda ishlab chiqilgan loyiha doirasida suv sathini 44 metrga ko‘tarish ko‘zda tutilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, keyingi 5-6 yil ichida Shimoliy Orol maydonini 3,9 ming kvadrat kilometrga, suv hajmini esa 34 milliard kub metrga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, Orolning qurib qolgan tubida ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Hozirgacha 1,1 million gektar maydonda o‘rmon-melioratsiya ishlari amalga oshirilgan.
Qayd etilishicha, qurib qolgan dengiz tubiga 3,4 ming tonna saksovul va sho‘rga chidamli o‘simliklar urug‘i sepilgan, 56,2 million tup saksovul ko‘chati ekilgan. Ko‘chat yetishtirish uchun yiliga 3 million dona ko‘chat tayyorlash quvvatiga ega, 33 gektarlik pitomnik ham tashkil etilgan.
Bundan tashqari, Qozog‘iston Kaspiy dengizini saqlab qolish bo‘yicha davlatlararo dastur tayyorlamoqda. Unda dengiz sathining pasayishi, bioxilma-xillikni saqlash, ifloslanishga qarshi kurashish va monitoringni takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1960 yillardan 2022 yilgacha Orolning qurib ketgan tubidan atmosferaga 748 million tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqarilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi