Orban YeI kengashida ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin

Olam

image

Yevroparlament Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni Yevropa Ittifoqi kengashida ovoz berish huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi petitsiya uchun kerakli miqdordagi, ya’ni 120 nafar imzo to‘pladi. Bu haqda Yevroparlament deputati, tegishli petitsiya tashabbuskori Petri Sarvama o‘zining X’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Yevroparlamentda mazkur petitsiya uchun imzo to‘plash 9 yanvar kuni boshlangan va to‘rt kun davom etgan.

"Imzolar to‘plandi! Biz Orbanni ovoz berish huquqidan mahrum qilishga bir qadam yaqinlashdik", deb yozdi deputat.

Uning ta’kidlashicha, bu "tarixiy petitsiya" ga boshqa deputatlarning javobi kuchli bo‘lgan. Hujjatni bir qancha davlatlarning turli partiyalari vakillari imzolagan.

Sarvamaning so‘zlariga ko‘ra, endi yalpi majlisda petitsiya g‘oyasini yakuniy qo‘llab-quvvatlashni tezda baholash kerak. Uning ta’kidlashicha, bu keyingi hafta sodir bo‘lishi mumkin. Unda parlament Vengriya bo‘yicha rezolyutsiyaga ovoz beradi.

Qayd etish joizki, 2023 yil dekabrida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar 2024-2027 yillarda Ukrainaga 50 milliard yevrolik yordam paketini taqdim etish bo‘yicha kelishuvni tasdiqlash uchun Vengriyani ovoz berish huquqidan mahrum etish masalasini ko‘rib chiqishni boshlagan. 

Gap shundaki, Ukraina jamg‘armasini yaratish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlash uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlarning roziligi talab qilinadi, ammo oxirgi yig‘ilishda Vengriya unga veto qo‘ydi. 

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba esa Yevropa Ittifoqi oxir-oqibat Budapesht bilan yoki Budapeshtsiz moliyalashtirishni tasdiqlashini aytdi.

Yaqinda “Politico” Vengriya har yili moliyalashtirish ko‘rib chiqilishi sharti bilan Ukrainaga yordam berish bo‘yicha murosa qilishga tayyor ekanini yozgan bo‘lsa, “Financial Times” Bryussel Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida yordam ko‘rsatish bo‘yicha qaror qabul qilish uchun Vengriyaga yon berishga tayyor ekanini xabar qildi. 

Kecha, 12 yanvar kuni Yevroparlament rahbari Roberta Mitsola Yevropa Ittifoqi Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatishni kengaytirish bo‘yicha yechimni Yevroittifoq kengashining navbatdan tashqari sammitida topishi kerakligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Viktor Orban Vengriya Evroparlament

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing