Orban Turkiya orqali kelgan Rossiya gazi Vengriyani saqlab qolganini aytdi

Olam

image

Ukraina 1 yanvardan Rossiya gazining o‘z hududi orqali tranzitini uzaytirishdan bosh tortgani Vengriyani qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin edi, biroq u Rossiyadan “Turk oqimi” quvuri orqali yoqilg‘i olish imkoniyati tufayli qutqarib qolindi. Bu haqda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban kecha, 21 may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammitida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. 

U Vengriyani energiya manbalari, jumladan, Rossiya gazi bilan ta’minlashda ushbu davlatlarning roli ortganini qayd etdi. 

“Ukrainaliklar Rossiyadan Vengriyaga o‘tadigan quvur tizimini yopib qo‘yishdi. Agar o‘tgan yillarda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ymaganimizda, bu Vengriyani imkonsiz va hatto fojiali ahvolga solib qo‘yishi mumkin edi”, deydi Orban. 

Uning eslatishicha, “G‘arbda “Turk oqimi” gaz quvurini qurish kerakmi, degan savol qizg‘in munozaralar keltirib chiqargan edi.  

“G‘arb davlatlari uni qurmaslik uchun qo‘lidan kelganini qildi, lekin biz qat’iyat bilan harakat qildik va uni qurdik. Usiz Vengriyada na gaz, na elektr quvvati bo‘lardi”, deya ta’kidladi Bosh vazir. 

Vengriya gazining asosiy qismini hamon Rossiyadan “Turk oqimi” orqali, Bolgariya va Serbiya shoxobchalari orqali oladi. 2024 yilda Rossiya Vengriyaga rekord darajadagi 8,6 milliard kub metr yoqilg‘i yetkazib berdi. 

Orban, shuningdek,  2024 yilda uning mamlakati Ozarbayjondan kichik hajmdagi gaz olishni boshlaganini, Vengriyaning MOL kompaniyasi esa Qozog‘istondagi konda yoqilg‘i ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotganini ta’kidladi. Hukumat rahbari birlashgan hududiy hamjamiyat a’zolari bilan hamkorlik muhimligi haqida gapirar ekan, so‘nggi 10 yilda Vengriyaning ular bilan tovar ayirboshlash hajmi 30 milliard dollardan 45 milliard dollargacha oshganini ma’lum qildi. 

TDTning Budapesht deklaratsiyasi

TDT mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish niyati sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Budapesht deklaratsiyasida tasdiqlandi. Shuningdek, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan, Vengriya va Turkmaniston bilan bir qatorda TDTda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasini turkiy dunyoga to‘liq integratsiya qilish istagini bildiradi. 

Bundan tashqari, hujjatda Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlash va bu davlatga qarshi sanksiyalarni bekor qilish, shuningdek, Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroni ikki davlatning yonma-yon yashashi va falastinliklarning nafaqat Iordan daryosining G‘arbiy sohilida, balki G‘azo sektorida yashash huquqini hurmat qilish asosida hal etish talab etiladi. Uchrashuv ishtirokchilari shu maqsadda maxsus tuzilgan ishchi guruh yordamida Afg‘oniston bilan munosabatlarga umumiy yondashuvni ishlab chiqishga kelishib oldilar. 

TDT norasmiy sammiti birinchi marta Yevropada va ushbu uyushmada kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan davlatda o‘tkazildi. Unda Orbanning taklifiga binoan Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston rahbarlari ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Turkiy davlatlar tashkiloti turk oqimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing