Orban Putinga “barchasiga tayyorligi”ni aytdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Budapeshtda Rossiya-AQSH sammitini tashkil etish uchun barcha sharoitni yaratishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Kreml xabar berdi.

Rossiya yetakchisi, o‘z navbatida, Orbanni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon suhbati mazmuni haqida ma’lum qildi.

Putin, shuningdek, Amerika tomoni bilan bo‘lajak muzokaralar chog‘ida Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlash bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilishni rejalashtirayotganini ham ta’kidladi.

16 oktyabr oqshomida Putin va Tramp Rossiya tashabbusi bilan telefon orqali muloqot qildi. Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Putin bilan Budapeshtda uchrashishga kelishib olgani, biroq hozircha aniq sana belgilanmagani haqida yozgan. Kreml bugun uchrashuv yaqin ikki hafta ichida bo‘lib o‘tishi mumkinligini va uni qoldirmaslik kerakligini aytgan.

Sammitga tayyorgarlik AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasidagi muzokaralar bilan boshlanadi. Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto 17 oktyabr kuni telefon orqali muloqot qilishlari mumkinligini aytgandi. U Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan AQSH-Rossiya sammiti sanasi va boshqa tafsilotlari ushbu muzokaralar natijasiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlagandi. U, shuningdek, Putinni Vengriyada hurmat bilan kutib olishiga ishontirgandi. Shuningdek, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun Budapeshtga tashrifi chog‘ida Xalqaro jinoiy sud (XJS) buyrug‘i asosida hibsga olinishi xavfi yo‘qligini ma’lum qilgandi

Vengriya 1999 yilda Xalqaro jinoiy sudning asosini tashkil etuvchi Rim statutini imzolagan va 2001 yilda uni ratifikatsiya qilgan, biroq 2023 yildayoq mamlakat rasmiylari Putin tashrif buyurgan taqdirda u hibsga olinmasligini aytgan.

2025 yilda Vengriya hukumati Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni mamlakatga taklif qildi. Netanyaxuning tashrifi ortidan Vengriya Xalqaro jinoiy suddan chiqishini e’lon qildi. 2025 yilning oktyabr holatiga ko‘ra, Vengriyaning XJSdan chiqishi tugallanmagan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Tojikistonga kelgandi. Ammo Rahmon hukumati Putinni hibsga olmadi. Yevropa Ittifoqi Putinni hibsga olmagani uchun Tojikistonni Xalqaro jinoiy sud talablarini bajarmaganlikda aybladi. Sababi Tojikiston 2002 yildan beri Xalqaro jinoiy sud a’zosi sanaladi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Putin Viktor Orban

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing