Orban qichimagan joyni qashladi. Xalqaro maydonda yangi “skandal”

Olam

image

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban futbol o‘yinida Buyuk Vengriya xaritasi bosilgan sharf taqib chiqqanidan keyin uzr so‘rashini kutmoqda. Tegishli bayonot kecha, 22 noyabr kuni kechqurun Ukraina Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilindi. 

“22 noyabr kuni Vengriyaning Ukrainadagi elchisi Ishtvan Iydyarto Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga taklif qilindi, unga Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Vengriya Ukraina hududining bir qismi bilan tasvirlangan sharfda omma oldida chiqishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlandi. Ukraina ushbu voqea uchun uzr so‘ralishini kutmoqda va kelajakda Vengriya tomoni davlatimizning hududiy yaxlitligiga hurmatsizlik sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan qadamlardan tiyilishiga umid qilmoqda”, deyiladi TIV bayonotida.

Gap shundaki, 20 noyabr kuni Viktor Orban Vengriya va Gretsiya terma jamoalari o‘rtasidagi futbol o‘yinida 1918 yilgacha bo‘lgan chegaralardagi mamlakat nomi bo‘lgan “Buyuk Vengriya” xaritasi tushirilgan sharf bilan chiqdi. Bu esa xalqaro maydonda navbatdagi “skandal”ga yo‘l ochdi. 

Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi Vengriyaning Buxarestdagi elchisiga “qattiq norozilik”ni yetkazdi.  

“Ruminiya Tashqi ishlar vazirining vengriyalik mavqedoshi va Vengriya Bosh vaziri bilan yaqinda Budapeshtda o‘tkazgan maslahatlashuvlari munosabati bilan ochiqlik muhiti va ikki tomonlama muloqotni qayta tiklashdan yaqqol farq qiladi. Revizionistik turdagi har qanday ko‘rinish, u qanday shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, qabul qilinishi mumkin emas", deyiladi Ruminiya TIV chiqishida. 

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban esa futbolni siyosatga aralashtirmaslikni va Buyuk Vengriya xaritasi bilan muxlislar sharfida biron bir buyuk kuch timsolini tasvirlashga urinmaslikni taklif qildi. Shu tariqa Vengriya hukumati rahbari harakatlarida o‘z davlat suverenitetiga tajovuzni ko‘rgan Ruminiya va Ukrainaning da’volariga javob berdi. 

“Futbol – bu siyosat emas. U yerda yo‘q narsani qidirmaylik. Vengriya terma jamoasi qayerda yashamasin, har bir vengerning jamoasi”, deb yozgan Orban o‘zining Facebook sahifasida.

Ma’lumot uchun, “Buyuk Vengriya” 1918 yilgacha bo‘lgan chegaralardagi mamlakatni nazarda tutadi, o‘shanda u hozirda Trianon shartnomasiga ko‘ra Ruminiyaga tegishli bo‘lgan Transilvaniyani ham o‘z ichiga olgan,. 

Trianon shartnomasi 1920 yil 4 iyunda Birinchi jahon urushida g‘olib bo‘lgan davlatlar bilan mag‘lubiyatga uchragan Vengriya (Avstriya-Vengriyaning vorisi davlatlaridan biri sifatida) o‘rtasida tuzilgan, natijada o‘z hududining uchdan ikki qismini yo‘qotgan. Shartnoma ko‘ra, Vengriya egalik qilgan yerlar Avstriya, Ruminiya, Serbiya, Slovakiya, Xorvatiya va Ukrainaga o‘tgan. Ushbu hujjat, xususan, hozirda 1,5 millionga yaqin etnik venger istiqomat qiladigan Transilvaniyani Ruminiya tarkibiga kiritishni ta’minladi. Transilvaniya muammosi Ruminiya-Vengriya munosabatlarida og‘riqli masala bo‘lib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Viktor Orban

Baholaganlar

433

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing