Orban Bryusseldan “allaqachon to‘ygani”ni aytdi

Olam

image

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Bryusselning ko‘plab masalalar, jumladan, Ukraina bo‘yicha Budapeshtga noto‘g‘ri qarorlar kiritishga urinishlaridan “allaqachon charchagani”ni aytdi. Bu haqda u “Magyar Nemzet” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi

Orban Yevropa Ittifoqi rahbariyatida o‘zgarishlarga intilishni va shu munosabat bilan 2024 yil iyun oyida Yevropa parlamentiga bo‘lib o‘tadigan saylov natijalariga umid qilayotganini ta’kidlagan.

"Bryussel meni "ado qildi". Yagona savol – hozirgi vaziyatdan qanday xulosa chiqarish kerak. Mening xulosam shuki, biz oldinga siljishga, pozitsiyalarimizni kengaytirishga, ittifoqchilarni yig‘ishga va Yevropa Ittifoqini yaxshilashga harakat qilishimiz kerak. G‘azablanishning o‘zi yetarli emas, biz Bryusselni olishimiz kerak", deydi Orban.

Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, Yevropa Komissiyasi barcha mamlakatlarga Ukrainaga yordamni kengaytirish, ya’ni “buning uchun vengerlarning pullarini berish” maqsadida badallarni ko‘paytirish va Yevropa Ittifoqi byudjetiga o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda. 

Shu munosabat bilan u 2024 yil iyun oyida Yevroparlamentga bo‘lib o‘tadigan saylov natijalariga katta ahamiyat berishini, buning natijasida YeI rahbariyatida o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligini aytgan. 

“So‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi o‘z mavqeini yo‘qotdi va zaiflashdi. Unda o‘zgarishlar bo‘lishi talab etiladi. Ishonchim komilki, bo‘lajak saylovlardagi ulush har qachongidan ham yuqori bo‘ladi”, deydi Orban.

Eslatib o‘tamiz, shu oy o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammitida Ukrainaga keyingi to‘rt yil davomida 50 milliard yevrolik byudjet yordami dasturi Vengriya sabab tasdiqlanmagandi. Viktor Orban yordam dasturi haqidagi qarorga veto qo‘ygandi. Keyinchalik “Financial Times” nashri Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Vengriyani Ukrainaga 2024-2027 yillarda 50 milliard yevrolik yordam paketi bo‘yicha kelishuvni ma’qullash uchun ovoz berish huquqidan mahrum qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini xabar qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina Viktor Orban Vengriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing