“Oramizda sotqin bor” – Olmazorda hokimning so‘kong‘ichligi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi

Jamiyat

image

Kecha, 28 avgust kuni Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovning tumanda joylashgan bank rahbarlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda stol urib majlis ishtirokchilarini so‘kkani, ularni tinimsiz haqoratlab, ishdan bo‘shatish, arizasini olish bilan qo‘rqitgani haqida xabar bergan edi. Ushbu xabarga isbot o‘laroq audioyozuv taqdim etilgan edi. 

“Olmazorning hokimi Prezidentning dushmani...mi? Rahmonovning sharmandali audioyozuvi tarqaldi” nomli tahliliy maqola e’lon qilingach, hokimlikdagi manbamiz tahririyat bilan bog‘landi. Uning aytishicha, kecha tumanda joylashgan banklar rahbarlari o‘rinbosarlarining Telegram’dagi guruhiga quyidagi mazmundagi xabar yuborilgan.

“Barcha bank rahbarlari o‘rinbosarlari zudlik bilan tuman hokimiyatidagi yig‘ilishga kelishlari kerak. Kelmaganni RUVD bilan olib kelamiz”.

Ushbu xabarni guruhga yo‘llagan Olmazor tumani hokimining Iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Olimjon Ahmedovich Xoliqulov ekani aytilmoqda. Xabar muallifi oradan ko‘p o‘tmay o‘zi yozgan tazyiq ko‘rinishidagi SMS’ni o‘chirib yuborgan. 

Yig‘ilish 28 avgust oqshomida bo‘lib o‘tgan. Unda yuqorida qayd etilganidek, Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovning ishtirok etishi belgilangan edi. Biroq, hokim yuqori tashkilotlarga chaqirib qolingani sababli, yig‘ilish uning o‘rinbosari Olimjon Ahmedovich Xoliqulov raisligida o‘tgan. 

Yig‘ilishda QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan maqola va ovozli yozuv muhokama qilingan. QALAMPIR.UZ muxbiri yig‘ilishda ishtirok etgan bank xodimlari bilan bog‘lanishga harakat qildi. Biroq, buning imkoni bo‘lgani yo‘q. 

“Oramizda sotqin bor ekan”, degan gapni aytdi hokim o‘rinbosari. Hokim Baxtiyor Rahmonov juda g‘azabda, maqola va ovozli yozuvdan qattiq asabiylashgan deydi QALAMPIR.UZ’ning hokimiyatdagi manbasi. Bu ketishda endi hokimlikka kelgan fuqarolar va tumandagi tashkilotlar xodimlari telefonlarini eshik og‘asiga tashlab kirishadi. 

QALAMPIR.UZ’ning hokimlikdagi manbasining qayd etishicha, kecha, 28 avgust kuni maqola va audioyozuv e’lon qilingunga qadar Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov tumanda joylashgan banklardan birining rahbari o‘rinbosarini qattiq haqorat qilib, uning nafsoniyatiga tekkan. “Ayni vaqtda u tumandagi mashmashalarda e’tibor markazida bo‘lib turibdi”, deydi QALAMPIR.UZ bilan suhbatlashgan manba. 

Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi deganlaridek, ayni vaqtda QALAMPIR.UZ’ga Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonovning haqoratlari, xurmacha qiliqlaridan aziyat chekkan ko‘plab fuqarolar, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlaridan murojaatlar kelib tushmoqda. Tez orada QALAMPIR.UZ bundan bir necha hafta avval Olmazor tumani Sebzor dahasida ro‘y bergan voqea tafsilotlarini ochiqlaydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Olmazor tumani Baxtiyor Rahmonov

Baholaganlar

267

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing