Qoraqalpog‘istonning chekka hududlariga borib ishlaganlarga uy, mashina, imtiyozli kredit beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasining olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlaridagi tibbiyot muassasalarida kadrlar ta’minotini yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Qabul qilinajak mazkur qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Qoraqalpog‘iston Respublikasining olis va yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlaridagi tibbiyot muassasalarida kadrlar ta’minotini yaxshilash yuzasidan hududlar ro‘yxati va ulardagi tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyoj to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasining olis va yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlaridagi tibbiyot muassasalarida kadrlar ta’minotini va salohiyatini oshirish maqsadida ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan quyidagi shartlar belgilanmoqda:

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjet daromadlari rejasi ortig‘i bilan bajarilishi qismi hisobidan olis va yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarga ishga borgan mutaxassislarni 10 yil ishlab berish sharti bilan uy-joy bilan ta’minlash va 10 yildan keyin xususiylashtirib berish;

•    tibbiyot xodimlariga uy-joylar qurish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi PQ-2639-son “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarorida (keyingi o‘rinlarda dastur deb ataladi) nazarda tutilgan tartibda va mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgani ma’lumot uchun qabul qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining mahalliy byudjetning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismi hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining olis va yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlaridagi tibbiyot muassasalari xodimlariga yengil avtomobillar va maishiy texnikalar sotib olish uchun iste’mol kreditlari ajratish maqsadida tijorat banklariga yillik 10 % miqdorida 5 yil muddatga depozit mablag‘larini joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.

Tijorat banklari tomonidan ushbu depozit mablag‘lari hisobidan kredit berish sanasida O‘zbekistan Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida quyidagi shartlar asosida iste’mol kreditlari ajratilishi belgilanadi:  

yengil avtomobillar sotib olish uchun:

•    kredit muddati - 5 yilgacha;

•    kredit bo‘yicha imtiyozli davr – 6 oy;

•    dastlabki badal - sotib olinadigan avtotransport vositasi qiymatining kamida 15 foizi miqdorida;

maishiy texnikalar sotib olish uchun:

•    kredit muddati - 3 yilgacha;

•    kredit bo‘yicha imtiyozli davr – 3 oy.

“O‘zavtosanoat” AJga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etiladigan tibbiyot xodimlari ro‘yxati asosida ular tomonidan tijorat banklari kreditlari hisobiga mamlakatda ishlab chiqarilgan yengil avtotransport vositalarini sotib olishda ko‘maklashish tavsiya etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining olis va yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlaridagi tibbiyot muassasalarida imtiyozli kredit olish huquqiga Sog‘liqni saqlash vazirligi yo‘llanmasi yoki ikki tomonlama tuzilgan mehnat shartnomasi asosida tibbiyot oliygohlarining bakalavriat, klinik ordinatura va magistratura yo‘nalishlarini tamomlagan mutaxassislar ega hisoblanadi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi qarori

Baholaganlar

28

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing