“Open budget” mashmashasi. Kimga ishonish kerak: Qudbiyevgami yo Moliya vazirligi matbuotigami?

Jamiyat

image

Kecha, 25 mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati tomonidan ovoz berishda tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, barcha mahallalar aholisi uchun loyihalarni amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qancha texnik va uslubiy yechimlar ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Jumladan:

•  Face ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etish. Bunda, tasdiqlangan foydalanuvchilar tomonidan berilgan ovozlar SMS orqali berilgan 5 yoki 10 ovozga tenglashtirilishi;

•  kam sonli odamlar yashaydigan mahallalar aholisi tomonidan ilgari surilgan loyihalar uchun ko‘paytirish koeffitsiyentini joriy etish amaliyoti ko‘rib chiqiladi.

Qayd etish kerakki, ushbu yangiliklardan eng quvonarlisi Face ID orqali ovoz berish tizimini joriy etilishi bo‘ldi.

Ammo shundan so‘ng, Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Qudbiyev ushbu yangilikni rad etuvchi videomurojaat bilan chiqdi. 

“Bularning barchasi ovoz berish jarayonini soxtalashtirish yoki ko‘paytirib ko‘rsatishga qarshi kurashishga mo‘ljallangan vazirlik darajasidagi takliflar edi. Axborot xizmati hali xom bo‘lgan loyihani e’lon qilib yuborgan”, deydi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu sohada birorta yangilik qilishdan oldin so‘rovnoma o‘tkazilib keyin qaror qabul qilinadi.

Xo‘sh, kimga ishonish kerak: vazirgami yoki vazirlik matbuot xizmatigami? 

Vazirlik matbuot xizmatining Telegram kanalida xabar hali ham turibdi.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlar orqali ba’zi maktab o‘qituvchilariga “Open budget” (“Tashabbusli byudjet”) loyihasida ovoz yig‘ish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, bundan bosh tortganlarga tahdid qilinayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgani va holatga O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova izoh berib, ushbu vaziyat vazirlik tomonidan jiddiy o‘rganilayotgani ma’lum qilingan edi.

Shuningdek, Bosh prokuratura “Open budget” (“Tashabbusli byudjet”)  uchun ovoz yig‘ish bilan bog‘liq xabar Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilayotganligini ma’lum qilgandi. Sababi tarqalgan videolardan birida Surxondaryo viloyati Angor tumani 36-maktab o‘qituvchilari ish vaqti bo‘lishiga qaramasdan, loyiha uchun ovoz to‘playotgani aytilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing