Onangni qozi so‘ksa... Psixotrop dori sotishda ayblangan yigit nega boshqa modda bilan qamaldi? 

Jamiyat

2021 yil 25 sentyabr, kechki soat 17:00 lar atrofida Chilonzor tumani IIB xodimlari tomonidan Psixotrop dori vositalari sotilishiga qarshi maxsus tadbir o‘tkazilgan. Chilonzor tumani 6-daha 44-uy 38-xonadonda joylashgan dorixonada psixotrop dori vositasi retseptsiz sotilgani aniqlanib, dorixona sotuvchisi Oruzbek Shamsiyev Chilonzor tumani IIBga olib ketiladi.

Ikki sutka davomida noqonuniy ushlab turilgan Orzubek Shamsiyevga advokat bilan uchrashishga ruxsat berilmaydi. Eng qizig‘i, dorixona sotuvchisi psixotrop dori vositasini sotgani uchun emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi “Mayda bezorilik”, 194-modda 1-qismi Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan ayblanib, 15 sutkaga qamalgan.

Sud qarori va tergovdagi protsessual harakatlardan norozi Orzubek Shamsiyevning advokati QALAMPIR.UZ’ga murojaat qildi.

“2021 yilning 25 sentyabr IIB tomonidan o‘tkazilgan tadbir aynan Chilonzor tumani 6-daha 44-uy 38-xonadonda joylashgan dorixonada o‘tkazilishga qaratilgan. Ayni shu kuni soat 17:00 lar atrofida mijozimni IIBga olib ketishgan. Mijozim Orzubek Shamsiyev dorixonadan IIB xodimlari bilan birga chiqib, o‘z ixtiyori bilan eshikni yopgan, u hech qanday qarshiliksiz bo‘limga borgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xodimlari kelib dorixona eshigini muhrlagan, muhr bosilgan qog‘ozda esa mavjud normalarga ko‘ra muhrlangan sana qo‘yilmagan. Ushbu holat yuzasidan menga murojaat qilishdi va advokat sifatida faoliyatimni boshladim. 29 sentyabr kuni mijozim bilan gaplashish maqsadida poytaxtdagi “Panelniy” nomi bilan tilga tushgan hibsxonaga bordim. Mijozim Orzubek Shamsiyev bilan suhbatlashish davomida uni nega qamalgani haqida so‘radim. U “Psixotrop dori vositalarini retseptsiz sotganim uchun”, deb javob berdi. Men esa uni qaror bilan tanishtirdim. Unga O‘zbekiston Respublikasi MJTK 183-moddasi 1-qismi (Mayda bezorilik) bilan qamalganini aytganimda, shokka tushib qoldi”, deydi advokat Xayrulla Pardayev. 

Himoyachi mijozi Orzubek Shamsiyev bilan suhbatlashib, barcha hujjatlarni to‘plagan va dorixona atrofidagi kuzatuv kameralarini qayd etgan videoyozuvlarni ham qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Advokat voqealarni Orzubek Shamsiyevdan eshitganidan so‘ng, ishda anglashilmovchilik borligini sezgan.

Himoyachi barchasini sinchiklab o‘rganar ekan, bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan holatlarga duch keladi. Uning aytishicha, IIB xodimlari Orzubek Shamsiyevni Psixotrop dori vositalarining sotilishiga qarshi tadbir doirasida olib ketib, mayda bezorilikda va Ichki ishlar xodimlari faoliyatiga qarshilik ko‘rsatganlik uchun qamashgandi. Advokat so‘zida davom etarkan, mijoziga qarshi ko‘rsatma bergan guvohlar ham yollanma ekanini iddao qiladi.

“IIBdan Orzubek Shamsiyevga tegishli barcha yig‘ma jildini oldik. Jildning yuza qismida ro‘yxat bo‘lishi kerak. Afsuski, bu yerda ro‘yxat yo‘q. Har birida varaq raqami bo‘lish kerak edi. U ham yo‘qligi sababli o‘zim qo‘yib chiqqanman. Yig‘ma jildning 5-varag‘ida birinchi arizachi Barno Sharipovaning arizasi turibdi. Uning yozishicha, 25 sentyabr kuni 6-mavze 44-uyda joylashgan dorixonada ishlaydigan xodim kechki soat 23:00 dan keyin dorixonaga kelgan mijoz bilan psixotrop dori vositalar ta’sirida aholiga tinchlik bermasdan, uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, janjallashib, aholi tinchligini buzgan. Shularni inobatga olib, dorixona ishchisiga qonuniy chora ko‘rishlari so‘ralgan. Aynan shunga e’tibor qaratishingizni so‘rardim. IIB tomonidan 25.09.2021 da o‘tkazilgan tadbir 17:54 da tugagan va mijozim Orzubek Shamsiyev o‘sha zahoti IIBga olib ketilgan, buni kamera qaydlari isbotlashi mumkin. Arizachi esa 23:00 dan keyin janjal bo‘lganini aytgan. (!) Afsuski, arizada ko‘rsatilgan vaqtda dorixonaning eshigi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xodimi tomonidan muhrlangan va mijozim IIBda bo‘lgan. Shu sababli ham bu guvohni IIB tomonidan yollangan arizachi, deb hisoblayman.

Ikkinchi arizachi Jumavoy Ergashev esa ayni shu dorixonada o‘tkir psixotrop dori vositalari sotilayotgani  sababli dorixona xodimlariga nisbatan chora ko‘rilishini so‘ragan. Shu bilan birga, u, dorixona yonidan uch kun oldin o‘tib ketayotgan vaqtida ikki yigit uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani, ulardan biri esa dorixonada ishlaydigan yigit ekanini yozadi. Arizachi mijozimni 22 sentyabr kuni ishda bo‘lgani haqida aytgan. Lekin, 22 sentyabr kuni dorixonaning boshqa xodimi navbatchi bo‘lgani sababli mijozim Orzubek dorixonaga bormagan. 

Yana bir narsani alohida aytib o‘tish kerakki, har ikkala arizada ham psixotrop modda, deb to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltiruvchi ko‘rsatma bershgan. Bu bilan mijozimning aybsizlik huquqi tahdid qilishmoqda. Sud tibbiy ekspertiza xulosasi e’lon qilinmay turib, psixotrop dori vositasi, deb aytishga”,deydi Orzubek Shamsiyevning advokati Xayrullo Pardayev.

Advokat mijozi Orzubek Shamsiyev ustidan ariza bilan murojaat qilgan ikkala fuqaro ham yollanma ekanini aytganidan so‘ng, voqeani o‘rganish maqsadida, arizachilar yashaydigan manzilga yetib bordik. Birinchi arizachi Barno Sharipova o‘zi yozib qoldirgan manzilda aslida uning otasi yashashiga guvoh bo‘ldik. O‘rganish jarayonida arizachining o‘zi hujjatlarga yozilgan manzilning yon tomonidagi ko‘p qavatli binoda istiqomat qilishi ma’lum bo‘ldi.

“Sizlarga manzilni kim berdi? Menga ariza yozdirganida "Seni hech kim bezovta qilmaydi, yozib ber”, degan edi. Hech kim kelib bezovta qilmasa, ko‘zim bilan ko‘rganimni aytaman, degan edim. O‘sha yerda urush bo‘ldi. Bitta bolani urib qulog‘ini va yuzini yirtib, yorib yuborishdi. Dod-voy! Xullas, tinchlik bo‘lmay qoldi. Shu sababli, u yerda 12 kishi ariza yozib bergan edi. Nega endi aynan mening oldimga keldingiz? U yerda qamaladi emas, "Dorixonani yopamiz", deyishgandi. Men bu gapni uning oldida ham aytishim mumkin. Nega qamalganini men bilmayman. Hech narsa bo‘lmaydi, faqat dorixonani yopamiz deyishgandi. Psixotrop dori 100% sotilgan. “Tropikkami” va “zardek” nomli dori bor ekan, bolalar dumalab yotganida, uni rasmga olib, tomorqaning o‘zidan 6-7 ta “glaznoy” psixotrop dorini o‘ziga olib borib otganman”, deydi arizachi Barno Sharipova

“Mijozimdan tushuntirish xati yozish talab etilgan, lekin ism familiyasi yozilmagan. Faqat bosh tortdi, deb yozilgan, xolos. Tushuntirish xati yozdirish vaqtida, birinchi navbatda tergov organi xodimi holat yuzasidan dalolatnoma tuzishi kerak. Unda gumonlanuvchi tushuntirish xati yozishi, imzo qo‘yishdan bosh tortgani aks eshittirilishi kerak. Afsuski, ushbu dalolatnoma tuzilmagan. IIBda qanday hujjat to‘plangan bo‘lsa, hammasidan nusxa olganman. Hujjatning 17-varag‘ida ism familiyasi yo‘q. Mijozimni tintuvdan o‘tkazish yuzasidan bayonnoma tuzilgan. Tintuv xolislar ishtirokida bo‘ladi. Xolislardan biri Arslonbek Raimov ekani yozilgan. Afsuski, uning yashash manzili soxtalashtirilgan. Yana bir narsaga e’tibor qaratilishini so‘rardim. Shaxsiy tintuv o‘tkazilganini tasdiqlash uchun ayblanuvchining imzosi bo‘lishi kerak. Lekin, mening mijozim Orzubek Shamsiyevning imzosi yo‘q.

Endi ma’muriy ushlab turish uchun bayonnomaga qarasak. Mening mijozim 25 sentyabr kuni 17:30 lar arafasida ushlab ketilgan. Lekin, ma’muriy ushlab turish to‘g‘risidagi bayonnoma 26 sentyab kuni oradan 7,5 soat vaqt o‘tib, rasmiylashtirilgan. 26 sentyabr 00:30 da ma’muriy ushlab turish uchun bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shaxsni ma’muriy ozod qilish to‘g‘risida qaror bor. Ayni shu qarorda ham 26 sentyabr’ 00:30 da shaxsni ma’muriy ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shu bilan birga, 27 sentyabr kuni 00:30 ga qadar ushlab turish mumkinligi yozilgan. Men 27 sentyabr kuni kechasi soat 1:00 lar chamasi Chilonzor tuman 1-son IIBga bordim. 26 dan 27 sentyabrga o‘tar kechasi navbatchilikda turgan kapitan To‘lqin Eshquvvatovdan mijozim haqidagi ma’lumotlarni so‘raganimda, tergovchi uni tuman IIO FMBga olib ketishganini aytdi. Men esa tuman IIBga yo‘l oldim”, deydi advokat.

Advokat Chilonzor tuman IIB qabulxonasida tergovchi bilan uchrashib qolib, mijozi haqida so‘raganida, tergovchi Orzubek Shamsiyev Chilonzor tumani 1-son IIBda ekanini aytadi. Shu zahoti ortiga qaytib borgan himoyachi mijozi qachon va qay vaqtda olib kelinganiga aniqlik kiritishni boshlaydi. Aniqlanishicha Orzubek Sharipov 25 sentyabr kuni kechqurun 22:30 da ro‘yxatga olingan. Navbatchidan nima asosda 24 soatdan ortiq ushlab turganlarini so‘ragan advokat asosli javob ololmaydi. 

“Shu zahoti 1-IIBning o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyat tushuntirildi. Xullas, u bunga, bu unga solib, soat 3:00 gacha mijozimni qo‘yib yuborishmadi. Eng kulgilisi esa IIB xodimlari bir “fint” ishlatib, mijozimni kameradan soat 1,5-2 atrofida chiqarib, kamera yoniga qo‘yishgan. Xuddiki, u kameraning ichida emas, balki o‘z ixtiyori bilan tashqarida turgandek. 1-son IIBda mijozimni sog‘lig‘i 24 soatdan ortiq ushlab turilgani yuzasidan tortishgandim. Shu orada Ichki ishlarda ishlaydigan bir odam kelib, mijozimni olib ketdi. Orzubek bilan uchrashishga ruxsat berishmadi. Sud qachonligi haqida ham ma’lumot bermay, sud majlisini advokatsiz o‘tkazishdi.

28 sentyabr kuni sud qarorini qo‘limga oldim. Mijozim ikki sutka noqonuniy ushlab turilib, sud qarori o‘qildi. Qarorda ikki sutka ushlab turilgani haqida yozilmagan va aybini tan oldi, deb yozilgan. Lekin, ish hujjatlarida aybini tan olgani haqida imzo yo‘q. Sud vaqtida sudya doriga oid savollar bergan va u aynan psixotrop dori vositalarini sotganlik uchun qamalyapman, deb tushungan. Uning aytishicha, 20-30 ta fuqaroning ma’muriy ishlarini yig‘ib turishgani bois sud majlisi juda tez tugatilgan.

Har bir fuqaro aybi uchun javob berishi kerak. Lekin, qilmagan ishi uchun qamash  – huquqlar buzilishiga kiradi. Shu sababli ham ishga aloqador barcha dalillarni to‘plab, hujjatlardan nusxalar olib, 4 oktyabr kuni apellyatsiya shikoyatini kiritdim. Sud vaqtini aytishmadi, ancha kutib, kechki payt soat 17:00 lar atrofida ketishimiz bilan sud majlisi soat 18:00 lar atrofida o‘tkazilgan. Sud birinchi instansiya qarorini kuchda qoldirgan”, deydi Orzubek Shamsiyevning advokati Xayrullo Pardayev

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining chiqargan qarorini olgan advokat, qaytadan ariza yozib, Oliy sudga murojaat qilgan. U 6 oktyabrda kun davomida Oliy sud fuqarolar qabulxonasi oldida o‘tirgan. Ayni shu kuni 18:00 ga belgilangan sud majlislari ro‘yxatida fuqaro Orzubek Shamsiyev ishi kiritilmagan ham. Qiyinchiliklar bilan sudga kirgan himoyachi Oliy suddan adolat kutgani, lekin hammasi boshqacha bo‘lgani haqida aytadi.

“Sud boshlandi, ish yuzasidan hamma narsani sinchiklab tushuntirib berishga harakat qildim. Dorixona yonidagi kamera qaydlarigacha taqdim qildik. Sudya barcha dalillarni o‘qib, ko‘rib turib ham birinchi va ikkinchi instansiya sudlarini ajrimi va apellyatsiya instansiyasi qarorini ham o‘z kuchidan qoldirdi. Kassatsiya shikoyatimizni ham qanoatlantirishni rad qildi.

Oldin OAV orqali chiqish qilmaganman. Bu ishda qonun buzilishi bo‘layotgani, bir insonning huquqlari buzilganini ko‘rib, jim turolmadim. Tergov, sud organlariga hech kim yangilik yaratish haqida gapirmayapti. Faqat MJTKni yana sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi ayrim masalalar to‘g‘risidagi plenum qarorini to‘g‘ri qo‘llanilishini so‘rayman. Ayni shu ishga aloqador videolarni ko‘rgan va tergov hujjatlarini o‘qigan, yuridik ma’lumotga ega bo‘lmagan odam ham tuhmat bo‘lganini tushunadi. Noto‘g‘ri qaror qabul qilinishi oqibatida bir insonning huquqlari toptalgani, uni 15 kun ozodlikdan mahrum qilib, hayoti o‘zgarib ketishiga bo‘linganini ko‘rish mumkin”, deydi advokat.

QALAMPIR.UZ tahririyati psixotrop dori vositalarini sotganlarga qarshi tadbirlar o‘tkazilishi qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday ish bilan shug‘ullanganlar qonun oldida tegishli jazosini (!) olishiga ham hech kim qarshilik qila olmaydi. Biroq, jazo jinoyatga yarasha bo‘lishi kerak. 

Aslida Oruzbek Shamsiyev Jinoyat Kodeksining 1863-moddasi – “Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish” bilan javobgar hisoblanadi. 

IIB xodimlari kelganda ularga qarshilik ko‘rsatmagan, hech qanday mayda bezorilik qilmagan Orzubek Shamsiyev MJTKning 183-moddasi “Mayda bezorilik”, 194-modda 1-qismi Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan ayblanib 15 sutkaga qamalgan.

Har holda boshqa sabab bilan IIBga olib borilib, boshqa modda bilan qamalish Yangi O‘zbekistonda birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Balki bu Yangiga eskidan qolgan merosdir
 

Jurnalistik surishtiruvni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat Sud Tergov Yangi O'zbekiston oliysud insonqadri insonhuquqi

Baholaganlar

130

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing