“Onangni qozi so‘ksa, dodingni kimga aytasan?” Ammo, qozining o‘zi kaltak yesachi...

Jamiyat

image

Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumanida sudyalar omma oldida kalaka qilinib, sud xodimi kaltaklanishi bo‘yicha surishtiruvlar ham yakuniga yetmasdan, ichki ishlar xodimlari ishtirokida yangi mojaro yuz berdi. Bu safar Sirdaryoda. Endi IIV xodimlari sudyani obro‘sizlantirib o‘tirmagan, oyoq ostiga olib, do‘pposlab qo‘ya qolgan. Shifoxonada sudyaga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov mazkur holatga munosabat bildirib, ba’zi xodimlar forma kiygan kuni o‘zini “Xudoning yerdagi soyasi” deb bilayotganini urg‘ulab o‘tgan.

“Deputat sifatida mamlakatimizda bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib, o‘rganib, xato va kamchiliklarni aniqlashga, kerak bo‘lsa, yechimini deputatlar muhokamasiga qo‘yishni vazifam deb bilaman.

Kuzatishimcha, keyingi paytda mamlakatimiz tinchligiga koronavirusdan-da xavfliroq balo xavf solyapti. Bu ham bo‘lsa, ayrim huquq- tartibot “posbonlari” tomonidan amalga oshirilayotgan zo‘ravonlik”, deydi deputat IIV xodimlarining beboshliklari haqida.

Qudratov mamlakatda favqulodda vaziyat o‘rnatilmaganiga e’tibor qaratgan. U xalqda “onangni qozi so‘ksa, dodingni kimga aytasan?” degan maqol bor ekanini eslatib, qozining o‘zi kaltak yesa nima bo‘ladi deya savol bergan.

“Shuni alohida aytish joizki, yurtimizda karantin e’lon qilingan, favqulodda vaziyat emas. Bu ikkalasi boshqa-boshqa narsa. Cheklovlar aholi uchun bo‘lsa, eng avvalo xalqning manfaati ko‘zlanishi lozim.

Ammo, eng yomoni, xalqning ko‘z o‘ngida davlatimizning mustaqil organi bo‘lgan sudning, sudyalarning sha’nini pastga urish, ularni behurmat qilish, kaltaklash ro‘y bermoqda.

Xalqimizda “onangni qozi so‘ksa, dodingni kimga aytasan?” degan maqol bor. Ammo, qozining o‘zi kaltak yesa, xalq oldida sazoyi qilinsa, aholida qonunlarga nisbatan ishonch qoladimi?”, deydi deputat.

U so‘zida davom etib, Jarqo‘rg‘ondagi voqeadan keyin odamlar o‘ziga kelolmasidan Sirdaryoda sudyaning kaltaklanishi IIV tizimi tubdan chiriganining asorati ekaniga to‘xtalib o‘tgan.

“Hali Surxondaryoning Jarqo‘rg‘onida bo‘lgan voqeadan o‘zimizga kelmay turib, Sirdaryoda xuddi shunaqa voqea sodir etilganining o‘ziyoq Ichki ishlar organlari tizimida katta islohotlar zarurligini ko‘rsatmoqda.

Menimcha, eng avvalo, tizimga adashib kirib qolgan, forma kiygan kuni o‘zini “Xudoning yerdagi soyasi” deb bilayotgan, qonunchilikning “q” harfini tushunmaydigan, xalqning manfaati yo‘lida xizmat qilishi lozimligini tushunib yetmaydigan ayrim kimsalardan tozalamoq kerak.

Bo‘lmasa, hamyurtlarimiz o‘z farzandlarini “ana melisa keldi” deb qo‘rqitadigan bo‘lishadi. Ana shu kimsalarni deb, tizimda necha yillar halol xizmat qilayotgan, el tinchligi uchun jonini jabborga berayotgan fidoyi insonlar sha’niga ham dog‘ tushmoqda” deydi Inomjon Qudratov

Xalq vakili butun dunyoda karantin hukm surayotganiga qaramay, hech bir davlatda karantin bahona sud hokimiyati vakili kaltaklanmaganini alohida ta’kidlagan.

“Shu o‘rinda bir narsa odamni bezovta qiladi. Bugun butun dunyoda karantin e’lon qilingan. Rivojlangan davlatlarda ham, MDH davlatlarida, uchinchi dunyo mamlakatlarida ham. Ammo, birorta davlatda politsiyachilarning sud xodimlariga karantin bahona tajovuz qilganligi haqida biror internet manbasida o‘qimadik. O‘zbekiston huquqiy-demokratik davlatlar qatoridan joy olish uchun harakat qilayotgan bir paytda ichki ishlar xodimlarining bu qilmishlari sharmandalikdan, ko‘rsavodlikdan boshqa narsa emas”, degan deputat.

U so‘zida davom etib, qonunchilikda sudyalar va sud hokimiyatining huquqiy himoyasi borasida nimalar deyilganini yodga solgan.

“O‘zbekiston Respublikasining 2000 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunining 8-bob “Sudlar mustaqilligining asosiy kafolatlari” bobi, 68-moddasida Sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik belgilangan, xususan, davlat organlari va boshqa organlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalarni hurmat qilishi va ularning mustaqilligiga rioya etishi shart. Sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilish, shuningdek, uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan dalolat beruvchi xatti-harakatlar qilish O‘zbekiston Respublikasi MJTKga binoan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 3 band uchinchi xatboshisida ham “sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish” belgilangan”, deydi Qudratov.

Deputat huquq-tartibot organi xodimlari sudyalarni obro‘sizlantirib turganida demokratik davlat qurish hom hayol bo‘lib qolishini aytib o‘tgan. U barcha zo‘ravonlar birdek jazolanishi kerakligiga chaqirgan.

“Huquq-tartibot organlarining oddiy xizmatchilari davlatimizda Konstitutsiya bilan belgilab qo‘yilgan Sud hokimiyatini tan olmas ekan, qanday huquqiy demokratik davlat haqida gap bo‘lishi mumkin?

Zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishi jazoga mustahiqdir, agar birgina zo‘ravon jazodan qutilib qolsa, bu boshqalariga “signal” bo‘ladi. Har qanday zo‘ravonlikka qarshi kurashaylikkim, insonlar qalbida jabr-zulm va g‘azab-nafrat vujudga kelishidan ogoh bo‘laylik!”, deya so‘zini yakunlagan Inomjon Qudratov.


Maqola muallifi

Teglar

sud'ya zo'ravonlik

Baholaganlar

284

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing