Andijonda sudya qamaldi

3-sahifa

image

Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi sobiq raisi Yunusjon Egamberdiyev firibgarlik va pora berish jinoyatida ayblanib, 10,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Yunusjon Egamberdiyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, 17 oktyabrda hukm o‘qilgan. 51 yoshli sobiq sudya Jinoyat kodeksning 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 25,211-moddasi (Pora berish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 2,5 yil davomida mansab lavozimlarida, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 10,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Yunusjon Egamberdiyev 2025 yil may oyida muqaddam boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatini kamaytirishni va’da qilib, sudlangan shaxsning onasidan 30 ming dollar miqdoridagi pullarni olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ushlangandi. Oliy sud Plenumining majlisida bosh prokurorning Yegamberdiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi taqdimnomasi ko‘rib chiqilib, rozilik berilgan.

Ma’lumot uchun, Yunusjon Egamberdiyev 2013-2018 yillarda JIB Asaka tuman sudi sudyasi bo‘lib ishlagan. U sudyalik lavozimida keyingi muddatga o‘ta olmagan va ma’lum vaqt tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. So‘ngra biroz advokat bo‘lib ishlagan Egamberdiyev 2024 yil dekabr oyida 5 yil muddatga Xonobod shahar sudining raisi lavozimiga tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mast holda avtomobil olib qochgan sudya 7 yilga qamalgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon sud'ya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing