Mast holda avtomobil olib qochgan sudya 7 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Avvalroq,  Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi sudyasi mast holda avtomashina olib qochgani, buning ortidan esa sudya lavozimidan ozod qilinib, uning sudyalik vakolati muddatidan ilgari tugatilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu sudya 7 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan joriy yilning 11 sentyabr kuni e’lon qilingan hukmiga muvofiq Rustam Rahmonov (1981 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining sudyasi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksning 219- (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchlarini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 267- (transport vositasini olib qochish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Bildirilishicha, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.

Qayd etish joiz, Rustam Rahmonov 2024 yilning dekabr oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi lavozimida bo‘lishining navbatdagi 10 yillik muddatiga tayinlangandi. 

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 267-moddasida transport vositasini olib qochish bo‘yicha javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, transport vositasini olib qochgan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan. O‘sha harakat takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, zo‘rlik ishlatib yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida o‘g‘rilik yoki talonchilik yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar mashinani olib qochish jinoyati o‘ta xavfli retsidivist, uyushgan guruh tomonidan transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida bosqinchilik yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, jinoyatni sodir etgan shaxs 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.


Maqola muallifi

Teglar

sud'ya qamoq Rustam Rahmonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing