Onalaringiz oyog‘ini o‘ping, ularning qadriga yeting – Erdo‘g‘an
Olam
−
20 iyun 2021
12921Bugun, 20 iyun va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida “Otalar kuni” nishonlanmoqda, jumladan Turkiyada ham. Shu munosabat bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqarada videokonferensaloqa orqali mamlakat yoshlari bilan jonli muloqotga chiqdi.
U yoshlar bilan suhbatda og‘ir o‘tgan bolaligi, otasidan erta yetim qolgani, onasi bilan kechirgan hayoti va prezidentlikkacha bosib o‘tgan yo‘li xususida gapirdi. U so‘zida otasidan ham ko‘proq onasining vafoti judolik bo‘lganini aytdi.
“Meni akam yo‘q. Ona boshqa, ota bir akamlarim bo‘lgan, lekin ular bilan birga yashamaganmiz. Vaziyat shuni taqozo etgan. Mening onam ham, otam ham oyim edi. Unga bo‘lgan muhabbatim juda boshqacha edi. Shuning uchun onam vafot etganida dunyo ostin-ustun bo‘lgandi”, deydi Erdo‘g‘an.
Hali bola bo‘la turib yo otasini, yo onasini yo‘qotgan insonlarning ichki kechinmalari, alamlari va dardlarini tasavvur qilish qiyin ekanini alohida urg‘ulagan Prezident ota-onasi, ayniqsa, onasi hayotlarga alohida nasihat qildi.
“Sharoitimiz yomon emasdi. Yoshimda nechada bo‘lishidan qat’i nazar onamning mehrini his qilib turardim. Shuning uchun doim aytamanki, onangizning oyoqlari ostini o‘ping. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hadislari bor: jannat onalarning oyog‘i ostidadir. Men ham onamning oyoqlari ostini o‘pmoqchi bo‘lganimda, oyijonim menga oyoqlarini o‘ptirishni xohlamay, ularni olib qochardi. O‘shanda men unga: onajon, menga jannatning iforini hidlatishni istamayapsizmi, derdim. Shuning uchun ham u mening ham otam, ham onam edi.
Siz ham onalaringizning qadriga yeting. Bu bir inson erishishi mumkin bo‘lgan eng katta boylik, eng katta baxt va eng katta qudratdir”, deydi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an 1954 yil Turkiyaning Istanbul shahrida, xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Qiyinchilikda o‘sgan Erdo‘g‘an Istanbulning xavfli ko‘chalarida bulochka va limonad sotib ro‘zg‘orga yordam berardi. U bolalikdagi bo‘sh vaqtlarini shunday sarflagan. 11 yoshida boshlang‘ich maktabni bitirganidan so‘ng, Istanbuldagi imom-xatiblar diniy litseyiga o‘qishga kiradi.
Yoshligida Erdo‘g‘an mahalliy klublarning birida futbol o‘ynagan. Bu sport turiga uning qiziqishi baland edi. Hatto, Turkiyaning “Fenerbaxche” futbol klubi yosh Erdo‘g‘anni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, Rajab Toyib Erdo‘g‘anning onasi Tanzila Erdo‘g‘an 2011 yilning 7 oktyabr kuni vafot etgan.