Ona-bola va 19 yoshli narkosavdogarlar katta miqdordagi narkotik bilan qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
19 avgust 2025 11516 2 daqiqa
Rossiya, Tojikiston va Afg‘onistondan olib kelingan 80 kilogrammga yaqin narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida Tojikistondan 20 kilogramm 374 gramm afyun va 41 kilogramm 668 gramm “gashish”ni kontrabanda yo‘li bilan olib kirayotgan 2005 va 2006 yilda tug‘ilgan fuqarolar qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ularning sherigi bo‘lgan, 2004 yilda tug‘ilgan yigit hamda giyohvandlik moddalarining buyurtmachisi, Denov tumanida yashovchi 2000 yilda tug‘ilgan shaxs ham ushlangan.
Toshkent viloyatida o‘tkazilgan operatsiya davomida Qozog‘iston orqali kelgan, Farg‘onaning Toshloq tumanida 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning yuklari tekshirilgan. Oqibatda marmar plitaga yashirilgan 7 kilogramm 902 gramm “Mefedron” narkotik moddasi aniqlangan. Surishtiruvda ma’lum bo‘lishicha, u giyohvandlik moddalarini Moskvada Telegram-bot orqali noma’lum shaxsdan olib, O‘zbekistonga olib kelishi kerak bo‘lgan. Keyingi bosqichda Bekobod tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan buyurtmachi ham qo‘lga olingan.
Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv ishlari davomida afg‘on narkosavdogarlaridan giyohvandlik moddalarini olib, ichki bozorda sotishga uringan shaxslarning faoliyati fosh etilgan. Xususan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1964 yilda tug‘ilgan ayol va uning 1993 yilda tug‘ilgan, ilgari ham narkotrafikka aloqador jinoyat sodir etgan o‘g‘li qo‘lga olingan. Ularning yonidan 5 kilogramm 878 gramm “opiy” va 3 kilogramm 922 gramm “gashish” ashyoviy dalil sifatida olingan.
Umuman, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijdan olib kirilgan 79 kilogramm 744 gramm narkotik modda musodara qilingan.
Hozirda barcha gumondorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) va 273-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Bildirilishicha, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo, Farg‘ona, Namangan va Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 22 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari musodara qilingandi.
Live
Barchasi