OMST Rossiyani insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi
Olam
−
18 iyul
3991Qiynoqlarga qarshi Butunjahon tashkiloti (OMST) Rossiya armiyasi va mamlakat rasmiylarini 2022 yilda Ukrainaning bosib olingan hududlarida tinch aholiga qarshi sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi. Bu haqda bugun, 18 iyul kuni tashkilot tomonidan taqdim qilingan yangi hisobotda so‘z boradi.
Hujjat tashkilotning ukrainalik hamkorlari – Inson huquqlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va ZMINA Inson huquqlari markazi bilan birgalikda tayyorlangan. Unda Rossiya tomonidan Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi tinch aholiga qarshi keng ko‘lamli va tizimli qamoqqa olish, qiynoq, jinsiy zo‘ravonlik kabi jinoyatlar haqida ma’lumot berilgan.
“Gap alohida holatlar haqida emas, balki Rossiyaning eng yuqori darajada tashkil etilgan keng ko‘lamli va muvofiqlashtirilgan tadbirlar hamda maqsadli siyosat haqida bormoqda”,degan hisobot mualliflari.
Hujjat Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi birinchi yili – 2022 yilning fevralidan oktyabrigacha bo‘lgan davrini o‘rganadi hamda 63 nafar guvoh bilan suhbatga asoslanadi. 38 ta holatda qiynoqlar qo‘llanilgan, respondentlarning 18 foizi jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan. Ko‘pgina intervyu ishtirokchilari ular bilan sodir bo‘lgan voqeani hayotlaridagi eng dahshatli davr deb atagan.
“Tajriba qurbonlarning ruhiy va jismoniy farovonligiga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatdi, bu og‘ir vazn yo‘qotishiga, o‘z joniga qasd qilishga urinishlarga va ba’zi hollarda qiynoqlar yoki shafqatsiz munosabat tufayli o‘limga olib keldi”, deyiladi hujjatda.
Hujjatda yozilishicha, Rossiya tomonidan jinoyatlar Kiyev, Chernigov, Zaporoje, Xerson, Xarkov va Donetsk viloyatlarida sodir etilgan.
“Rossiya bu inson huquqlari buzilishini to‘xtatishi kerak”, deyiladi unda.
Mualliflar, shuningdek, Ukraina, Xalqaro jinoiy sud va butun xalqaro hamjamiyatni qiynoqlar va shafqatsiz munosabat holatlarini tekshirish, ushbu jinoyatlar uchun aybdorlarni ayblash va javobgarlikka tortish, xalqaro huquqiy mexanizmlar orqali adolatni ta’minlash uchun holatga zudlik bilan aralashishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Ukraina harbiy asirlarni almashishgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi