“Omikron” nechta davlatga kirib borgani aytildi
Olam
−
01 dekabr 2021
11563Yangi koronavirusning “omikron” shtammi hozirgacha 20 ta davlatda aniqlangan, jami 226 ta infeksiya holati qayd etilgan. Bu haqda AQSH Milliy allergik va yuqumli kasalliklar instituti direktori Entoni Fauchi ma’lum qildi.
“Kechagi holatga ko‘ra, 18 mamlakatda 205 ta tasdiqlangan holat qayd etilgan. Bugun ertalab bu raqamlar 20 ta davlatda 226 ta holatga ko‘tarildi”, degan u kecha, 30 noyabr kuni.
Fauchining so‘zlariga ko‘ra, “bu raqamlar tez o‘zgarishi kutilmoqda”. Shu bilan birga, uning aniqlik kiritishicha, AQSHda haligacha “omikron” shtammi bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan.
Tadqiqot
Fauchiga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlar ”omikron” shtammi bilan kasallanganda “noodatiy alomatlar” yo‘qligini ko‘rsatadi, ammo yangi koronavirusning ushbu varianti kasallikning og‘ir kechishiga olib kelishi yoki kelmasligi borasida xulosaga kelish qiyin.
“Kichik holatlarni inobatga olsak, ushbu o‘ziga xos variant jiddiy kasallikka olib keladimi yoki yo‘qligini bilish juda qiyin. Janubiy Afrikadan olingan ba’zi dastlabki ma’lumotlar ushbu variant bilan bog‘liq noodatiy alomatlar yo‘qligini ko‘rsatsa-da, aniq biron narsa deyishga hali erta”, degan u.
Ma’lumot o‘rnida, noyabr oyining oxirida Janubiy Afrika olimlari birinchi bo‘lib “omikron” shtammi paydo bo‘lgani haqida xabar berdi. Shtamm juda ko‘p mutatsiyalarga ega, bu esa uni yanada yuqumli va vaksina immunitetini chetlab o‘tish uchun yaxshiroq moslashtirishi mumkin. “Omikron”ning tarqalishi tufayli Isroil chet el fuqarolari uchun chegaralarini yopgan birinchi davlat bo‘ldi.