Ombudsman Chirchiq IIBdan o‘lik chiqishi ortidan tekshiruv boshladi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent viloyati Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergov hibsxonasida 22 yoshdagi yigit o‘lgani haqida xabar bergan edik. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ushbu voqeani o‘rganishni boshladi.  Bu haqda Ombudsmanning Telegram-kanalida xabar berildi. 

QALAMPIR.UZ’ga oid ma’lumotlarga ko‘ra, yigit joriy yilning 20 noyabr kuni o‘g‘rilik jinoyatida gumonlanib qamoqqa olingan. U 1 dekabr kuni soat 02:30 larda hibsxonada o‘zini osgan holda topilgan. 

Yigitning o‘z joniga qasd qilishiga nima sabab bo‘lgani hozircha ma’lum emas. Hibsxona kamerasidagi tasvirlarga ko‘ra, yigit o‘zini choyshabga osgan.

O‘zini osgani aytilgan bo‘lsa-da, yigitning burni singani va tanasida jarohatlar borligi aniqlangan.
Shundan so‘ng yigitning ota-onasi o‘g‘lining jasadini ko‘mishga ruxsat bermagan va ekspertiza o‘tkazilishini talab qilmoqda. 

Ombudsman holat haqida shunday deydi: 

“Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan nazoratga olinib, ishga taalluqli ma’lumotlar so‘rab olindi. Ishga oid hujjatlar o‘rganilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan   Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va marhumga sud-ekspertizasi tayinlangan.

To‘plangan hujjatlar o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun viloyat prokuraturasiga yuboriladi va yuqoridagi holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Ombudsman yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini nazorat qiladi”. 

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati IIBB Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergov hibsxonasida 22 yoshdagi yigit o‘lganini tasdiqlagan. 

Bildirilishicha, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro A.O‘. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (o‘g‘rilik, ko‘p miqdorda) va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblangan.

Tergov davomida, A.O‘. oldin ham JKning 164-moddasi 2 qismi “a” bandi (bosqinchilik, qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan sudlanganligi inobatga olinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 
“Joriy yilning 1 dekabr kuni soat tungi 02:30 larda jinoyat ishi doirasida hibsxonada saqlanayotgan A.O‘. kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, kamera oynachasining temir panjarasiga bog‘lagan holda o‘z joniga qasd qilgan”, deyiladi IIBB xabarida.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya oqibatida yuz bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Ombudsman IIB tekshiruv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing