Ombudsman Bo‘kada o‘limga sabab bo‘lgan tergov jarayonini qoralab chiqdi
Jamiyat
−
07 iyun 2023
9900Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova Bo‘kadagi qiynoq bilan bog‘liq holatni qoraladi. Uning bildirishicha, gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilar surishtiruv va tergov jarayonida kaltaklanib, vafot etishi mumkin emas. Bu haqda Ombudsman Matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, qiynoqqa oid xabarlar Ombudsman nazoratiga olinib o‘rganilmoqda. Lekin Bo‘kada sodir bo‘lgan holat sud-tergov jarayonlarida qiynoq deb atalmish illatga hali-hanuz yo‘l qo‘yilayotganligini tasdiqlaydi.
Bo‘ka tumanida fuqaroning vafot etishi bilan tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasi natijalariga ko‘ra, Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olinganini Ombudsman ijobiy baholagan.
“Aslida biz huquqlarimiz himoyachisi sifatida biladigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari orasida Bo‘kadagi holat misolida qonunga xilof ish ko‘ruvchilar borligi juda achinarli. Tizimda ishlovchi barcha shunday, degan fikrdan yiroqmiz. So‘nggi yillarda qiynoqqa qarshi kurashish borasidagi islohotlarni e’tirof etishimiz lozim. Lekin davlat siyosatiga qarshi turib, o‘z xizmat faoliyatida ruhiy va jismoniy qiynoqqa yo‘l qo‘yayotgan “xodimlar” bor ekan, fuqarolarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan ishonchsizlik yuzaga keladi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, qiynoq “jamiyat tanasidagi kasallik” hisoblanadi. Shuningdek, ombudsman tomonidan bunday kasallikni davolash uchun avvalo shaffoflik ta’minlanishi kerakligi, u qiynoqlarning barvaqt oldini olish vositasi ekani bildirilgan.
Ma’lumot berilishicha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qiynoq holatlariga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan jazo choralari og‘irlashtirilib, hattoki, ularga nisbatan afv qo‘llanilmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Qolaversa, mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida qonunchilikka alohida modda kiritilgan va qiynoqni qo‘llagan shaxsga nisbatan og‘irlashtiruvchi normalar qo‘llanilishi belgilangan. Jinoyat kodeksining 235-moddasi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha penitensiar muassasalarga doimiy ravishda monitoring tashriflari amalga oshirilib, u yerdagi sharoitlar tizimli o‘rganilayotgani bildirildi. U yerda saqlanayotgan shaxslar orasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazilib, mahkum va mahbuslar bilan holi tarzda suhbatlashib, qiynoqlar qo‘llanilganiga oid murojaatlar kelib tushganda, holat darhol nazoratga olinmoqda.
“Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qiynoq qo‘llanilganiga oid xabarlar ham joyiga chiqib o‘rganilib, qiynoq alomatlari mavjud bo‘lgan hollarda ish ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilmoqda. Bo‘kadagi holat ham Ombudsman nazoratida bo‘ladi”, deyilgan xabarda.
Ombudsman aybdor shaxslarni qat’iy jazoga tortishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida IIB tomonidan tergovga jalb etilgan fuqaro ahvoli yomonlashib, shifoxonada vafot etdi. Ichki ishlar vazirligi fuqaro Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilib, maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilganini ma’lum qildi. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan. Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisi U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligini ko‘rsatdi.
Fuqaroning o‘limidan so‘ng voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olindi, shuningdek, Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Boboxonov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudoyqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Ochilov, shuningdek, navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyati prokuraturasi yuqoridagi holat yuzasidan bayonot berib, tergovni chalg‘ituvchi, mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz ma’lumotlarga ishonmaslikni so‘rab chiqdi.