Oltin-valyuta zaxiramiz pandemiyadan chiqib olishga yetadi – Nazarboyev

Olam

image

Qozog‘istonning tashqi qarzi boshqa mamlakatlarnikiga qaraganda juda oz. Va Mustaqillikning ilk yillarda yaratilgan oltin zaxirasi pandemiya sharoitidan eson-omon o‘tib olishga yetadi. Bu haqda mamlakat Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev xalqqa murojaatida ma’lum qilgan. 

Ma’lumki, joriy yilning 18 iyun kuni koronavirusga chalingani aniqlangan Nazarboyevning kecha ushbu kasallikni ortda qoldirgani e’lon qilindi. Nazarboyev xalqqa murojaat yo‘llab, ushbu qiyin vaziyatda uni qo‘llab-quvvatlagani, sog‘lik tilagani uchun minnatdorlik bildirdi. Elboshi o‘z murojaatida uni ma’nan qo‘llagan davlat rahbarlariga ham tashakkurini bildiradi. Ro‘yxatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ham nomi kechgan. 

“Esingizda bo‘lsa, mustaqillikning dastlabki yillarida mening qarorim bilan maxsus Milliy jamg‘arma tashkil etilib, mamlakatning oltin-valyuta zaxirasi shakllantirildi. Bu bizga ikkita jahon inqirozini muvaffaqiyatli engishimizga imkon berdi va bugungi kunda ushbu mablag‘lar hukumatga pandemiyaga qarshi kurashda, shuningdek, kam ta’minlanganlarga yordam berishda qo‘l kelmoqda. Agar biz ulardan oqilona va ehtiyotkorlik bilan foydalanishni davom ettirsak, boshqa ehtimoliy qiyinchiliklarni samarali engishimiz mumkin. Bizning ustunligimiz shuki, Qozog‘iston boshqa mamlakatlar oldida eng past qarzga ega”, deydi Nursulton Nazarboyev.

Sobiq Prezident murojaatida kasallikni o‘z tanasida his qilganini aytarkan, uni davolagan shikofokorlarga ham minnatdorlik bildiradi. 

“Bugun boshimizdan kechirayotgan og‘ir davr – butun insoniyat uchun sinovdir. Ushbu kasallikka qarshi kurashning boshida odamlarni qutqarish uchun bor kuchini beradigan shifokorlar turadi. Tibbiyot xodimlarining mehnati bebahodir va bugun bu o‘zining ishonchli isbotini ko‘rsatmoqda.  Kelgusida sog‘liqni saqlash sohasiga katta e’tibor berish, uni rivojlantirish uchun zarur moddiy resurslarni ajratish zarur”, deydi Nazarboyev.  

Elboshi murojaati so‘ngida odamlarni ogohlikka, befarq bo‘lmaslikka, kasallikdan saqlanishga, o‘zini va atrofidagilarni ehtiyot qilishga chaqirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev

Baholaganlar

118

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing