“Oltin to‘p”ning nomunosib g‘oliblari: Ronaldu, Messi va boshqalar...

Sport

image

Bugun, 29 noyabr kuni butun dunyo 2021 yilgi “Oltin to‘p” sohibini bilib oladi. Kimdir “Bavariya” hujumchisi Robert Levandovski ketma-ket ikki yil to‘purar bo‘lgani uchun mukofotni olishi kerakligini aytsa (2020 yil Leva sovringa asosiy favoriti bo‘lgan edi, biroq “France football” marosimni bekor qilgan), ba’zilar Amerika kubogida g‘alaba qozongani sabab sovrin Lionel Messiga topshirilishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Futbol tarixida shunday futbolchilar borki, ularning “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishi futbol muxlislari va mutaxassislarning noroziliklariga sabab bo‘lgan.

Igor Belanov – 1986

Diyego Maradona 1986 yilda dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan. Biroq argentinalik futbolchi “Oltin to‘p”ni qo‘lga kirita olmagan, chunki sovrin o‘sha paytda faqatgina yevropalik futbolchilarga topshirilar edi. Gari Lineker Jahon chempionatining “Oltin butsa”sini, “Dinamo Kiyev” ning ukrainalik hujumchisi Igor Belanov esa Kubok egalari kubogini qo‘lga kiritgan edi.

Luish Figu – 2000

2000 yilda “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritish Figu uchun shov-shuv emas edi. Chunki u “Barselona”dan ketib, “Real” safiga qo‘shilgan edi. Portugaliyalik yulduz yangi asr boshida “Oltin to‘p” uchun kurashda o‘sha yili Yevropa chempionatini yutgan Zinedin Zidanni ortda qoldirgan edi. Qizig‘i, keyinchalik Figu g‘olib “Roma” sardori Franchesko Totti bo‘lishi kerakligini tan olgan: “2000 yilda “Oltin to‘p”ni “o‘g‘irlaganim” uchun uzr so‘rayman, sen bunga loyiqsan”, degan edi Figu “Rim imperatori”ga yo‘llagan maktubida.

Maykl Ouen – 2001

2001 yilda “Oltin to‘p”ni so‘nggi marta ingliz futbolchisi qo‘lga kiritdi, ammo unga savollar ko‘p edi. Ouen “Liverpul” bilan birgalikda Angliya kubogi va UEFA kubogida g‘olib bo‘ldi. Ammo chempionatda uchinchi o‘rinni egalladi. Mayklning o‘zi esa 46 o‘yinda 24 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Ammo o‘sha yili nomzodlar ichida “Real” futbolchisi Raul Gonsales ham bor edi, u La Liga va YeCHLning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan hamda FIFA talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi o‘yinchisi , deb topilgan edi. Balki UEFA Chempionlar ligasi finaliga chiqa olmagani Raulga bu sovrinni qo‘lga kiritishga imkon bermagandir. 

Andrey Shevchenko – 2004

Andrey Shevchenkoning “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishiga ko‘plab mutaxassislar tomonidan e’tiroz bildirilgan. 2004 yilda Shevchenko Italiya chempionligini qo‘lga kiritdi va 24 ta gol urib, mavsumning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Ammo o‘sha yili portugaliyalik Deku ham “Oltin to‘p”li bo‘lishi mumkin edi, Chunki u “Portu” bilan Chempionlar ligasida g‘alaba qozongan va milliy terma jamoasi bilan Yevropa chempionati finaliga qadar yetib kelgan edi. Bundan tashqari, o‘sha yili FIFA versiyasiga ko‘ra eng yaxshi futbolchi sovrinini yutgan Ronaldino ham bor edi.

Fabio Kannavaro – 2006

Himoyachilar “Oltin to‘p”ni qo‘lga kirita olmaydi, degan farazga italiyalikni ko‘pincha misol qilib keltirishadi. Italiya sardori 2006 yilda Jahon chempionatida g‘alaba qozongan xolos, qo‘shimchasiga jamoadoshi Janluiji Buffon ham undan ko‘ra bu sovringa munosibroq bo‘lgan. 

Lionel Messi – 2010

Har qanday futbol ishqibozidan 2010 yildagi eng yorqin xotiralari haqida so‘rangsangiz, katta ehtimol bilan “Ispaniyaning Jahon chempionligini qo‘lga kiritishi” degan javobni eshitasiz. “Oltin to‘p”ni “Furiya roxa”ning yarim himoya juftligidagi Andreas Inesta yoki Xavi olishi kerak, deb hisoblashgan. Aksiga olib, Lionel Messi ikkinchi marta sovrinni qo‘lga kiritgan edi.

Biroq, Uesli Sneyder ham jahon chempionatidan so‘ng, mukofotga da’vogarlik qilgan, u Gollandiyaning finalga qadar yetib kelishiga katta hissa qo‘shgan edi. Shuningdek, “Inter” bilan oltin treblni (YeCHL, Italiya kubogi, A seriya) qo‘lga kiritdi. Yarim himoyachi hatto yakuniy uchlikka ham kira olmagach, uning faoliyati orqaga qarab keta boshladi.

Krishtianu Ronaldu – 2013

“Real Madrid” hujumchisi 2013 yilda fenomenal o‘yin ko‘rsatgan. Biroq Pele konvertni ochib, uning ismini o‘qiganida, bahs-munozaralar yuzaga kelgandi. Portugaliyalik futbolchi mavsum davomida 56 o‘yinda 66 gol kiritgan bo‘lsa-da. Bu ish ba’zilarning nazdida sovrin “Bavariya”ning treblni zabt etishida katta rol o‘ynagan Frank Riberiga topshirilmasligi uchun yetarli emasdek tuyulgan. Fransiyalik yakuniy ro‘yxatda uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Messi ikkinchi o‘rindan joy olgandi.

Luka Modrich – 2018

Xorvatiyani JCH-2018 finaliga qadar olib chiqqan Modrich atrofida juda ko‘p bahs-munozaralar aylanadi. Bundan tashqari, ko‘pchilik “Real Madrid” yarim himoyachisi yillar davomida jamoaning eng yaxshi to‘purarlari qatoridan joy olmagani uchun munosib e’tirof etilmaganiga ishonishgan. “Maestro” 2018 yilda dunyoning eng yaxshi futbolchisi, deb topilganida Ronaldu-Messi erasi tugadi, deb ishonildi. Ronaldu 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Messi atigi beshinchi pog‘onadan joy oldi.

“France football” nashriga tegishli bo‘lgan “Oltin to‘p” topshirish marosimi bugun, Toshkent vaqti bilan soat 00:30 da boshlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona Messi Ronaldu Oltin to'p Real Madrid France football

Baholaganlar

903

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing