“Oltin to‘p”ga nomzodlar qachon e’lon qilinishi aniq bo‘ldi
Sport
−
10:22 384 1 daqiqa
Fransiyaning “France Football” jurnali tomonidan 2025-2026 yilgi mavsumning dunyodagi eng yaxshi futbolchisiga beriladigan “Oltin to‘p” mukofotiga nomzodlar joriy yilning 8 sentyabr kuni e’lon qilinadi. Bu haqda mukofot tashkilotchilari xabar berdi.
Taqdirlash marosimi esa joriy yilning 26 oktyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. O‘tgan yili ushbu mukofot “Parij Sen-Jermen” jamoasi va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Usmon Dembelega nasib etgan edi. “Oltin to‘p”ni eng ko‘p marta qo‘lga kiritgan futbolchi esa argentinalik Lionel Messi hisoblanadi – 8 marta.
Ma’lumot uchun, “Oltin to‘p” mukofotini “France Football” jurnali sobiq bosh muharriri Gabriel Ano ta’sis etgan. Mukofot ilk bor 1956 yilda “Blekpul” hujumchisi Stenli Mettyuzga topshirilgan. O‘sha vaqtda g‘olibni futbol jurnalistlari aniqlagan.
Dastlab mukofotga faqat yevropalik futbolchilar nomzod bo‘lishi mumkin edi. 1995 yildan boshlab esa Yevropa klublarida to‘p tepayotgan har qanday millat vakili nomzod bo‘lish huquqiga ega bo‘ldi. 2007 yildan e’tiboran esa dunyoning istalgan mamlakati futbolchisi “Oltin to‘p” uchun da’vogar bo‘lishi mumkin.