Oltin narxi keskin pastladi
Olam
−
28 noyabr 2022 7995 2 daqiqa
Xitoyning bir necha shaharida mamlakatdagi COVID-19 ga qarshi qattiq cheklovlar sababli o‘tkazilgan norozilik namoyishlari ortidan xavfsiz aktivlarga nisbatan talab kuchaydi. Natijada oltin narxi keskin pastladi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Spot oltin narxi 0,4 foizga pasayib, bugun, 28 noyabr soat 05:55 holatiga ko‘ra, bir unsiya uchun 1748,84 dollarni tashkil etdi. AQSH oltin fyucherslari 0,3 foizga tushib, 1749,60 dollarni tashkil qilgan.
Qayd etilishicha, dollar indeksi 0,4 foizga o‘sdi. Bu esa boshqa valyutalarga ega bo‘lgan xaridorlar uchun dollarda narxlanadigan quymalarning qimmatroq bo‘lishiga olib keldi.
IG Group strategi Yip Jun Rongning ta’kidlashicha, oltinning bahosi AQSH dollarining indeksiga bog‘liq. Xitoyda kuchayib borayotgan norozilik namoyishlari dollarning qadrini oshirmoqda. Bu esa oltin narxiga ta’sir qilgan.
“Odamlar Xitoyning COVID holatini hisobga olgan holda xavfsiz aktivlarga o‘tishlari mumkin. Biroq dollarning kuchi hozirda oltinning xavfsiz aktiv maqomiga soya solmoqda”, degan Yip.
Eslatib o‘tamiz, namoyishlar 26 noyabr kuni Xitoyning Shinjon mintaqasida boshlangan edi. Bunga 24 noyabr kuni ko‘p qavatli binoda sodir bo‘lgan yong‘inda 10 kishining halok bo‘lgani sabab bo‘lgan. Kecha, 27 noyabr kuni Shanxayda yuzlab namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga keldi. Karantin cheklovlariga qarshi namoyishlar mamlakat g‘arbidagi halokatli yong‘inlar sababli bir nechta shaharga tarqaldi.
Shu bilan birga, bugun, 28 noyabr kuni Xitoyda rekord darajada koronavirus aniqlangan. Guanchjou va Chunsin shaharlari COVID’ning avj olishiga qarshi kurashmoqda.
Live
Barchasi