Olti oyda bilimi yetishmagan 37 nafar hokim almashtirilgan
Jamiyat
−
04 avgust 2022
7312O‘zbekistonda qobiliyatni aniqlash, o‘qitish, ishini yaxshi yo‘lga qo‘yishga o‘rgatadigan yaxlit tizim bo‘lmagani uchun, ayrim rahbar kadrlar berilgan vazifalarni eplay olmayapti. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 avgust kuni bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Mirziyoyevga ko‘ra, o‘tgan 6 oyda bilim va ko‘nikmalari yetishmagani bois 37 nafar tuman va shahar hokimlari almashtirilgan. Umuman, mas’ul lavozimlarda o‘tirgan rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yo‘lga qo‘yilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.
Shu bois, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, so‘nggi 2 yil davomida chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun tayyorlangan. Yig‘ilishda ushbu qonun bilan belgilanayotgan yangi tizimning har bir idora va hudud kesimida qanday ishlashi, bu borada turgan ustuvor vazifalar muhokama qilingan.
Birinchi yo‘nalish – davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etiladi.
So‘rovlarda ishtirok etgan 50 ming aholining 19 ming nafari (yoki 38 foizi) “davlat tizimiga ishga kirishda shaffoflikni oshirish lozim”, degan fikrni bildirgan.
Shu munosabat bilan yil yakunigacha:
• barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi;
• bo‘sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat so‘ralmaydi, barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi;
• ochiq tanlov orqali nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati aniqlanadi.
Ushbu tizim tajriba tariqasida Samarqand viloyati va Davlat soliq qo‘mitasida sinovdan o‘tkazildi.
Samarqand viloyati hokimi va DSQ raisi yangi tizim orqali qanday natijalarga erishgani haqida axborot berdi.