Prezident yuklarni xalqaro tashishda transport xarajatlarini qisqartirishni buyurdi

Jamiyat

image

Bugun, 9 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatda sanoat, tadbirkorlik tobora rivojlanib bormoqda. Yil boshidan buyon 50 mingta yangi korxona tashkil topgan, eksportyorlar soni 7 ming 500 dan oshgan. Eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravarga ko‘payib, 8 milliard 200 million dollarga yetgan.

Iqtisodiyotda ishlab chiqarish qanchalik muhim bo‘lsa, mahsulotni yetkazib berish ham shunchalik ahamiyatli. Ayniqsa, hozir dunyoda logistika muammolari avjiga chiqqan vaziyatda bu o‘ta dolzarb hisoblanadi.

Shu bois davlat tomonidan eksportchi korxonalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu yil O‘zbekiston mahsulotlari 32 ta yangi bozorlarga kirib borgan. Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha ishlar ham jadallashmoqda.

Dunyoda yuk tashish xarajatlari oshganini inobatga olib, eksportyorlarga bu xarajatlarni qisman qoplash uchun davlat tomonidan 170 milliard so‘m kompensatsiya berilgan. Shuningdek, Yevropaga tayyor mahsulotlar eksport qiluvchi korxonalarga transport xarajatlari uchun subsidiya miqdori 50 foizdan 70 foizga oshirilgan.

Mamlakat mahsulotlari xorijga, asosan, 9 ta transport yo‘lagi orqali tashiladi. Taqdimotda har bir transport yo‘lagi bo‘yicha dolzarb masalalar va ularni hal etish bo‘yicha takliflar muhokama qilingan.

“Transport sohasini rivojlantirish iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish uchun muhim zamin. Transportda yuk tashish tannarxi past bo‘lsa, ham eksport, ham investitsiya ko‘payadi”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda Transport vazirligiga tadbirkorlar uchun eng maqbul yo‘llarni taklif etish va ularning transport xarajatlarini qisqartirish vazifasi qo‘yilgan. 

Yevropaga eksport yuklarini tashish uchun qo‘shimcha ruxsatlar olish muhimligi ta’kidlangan. Avtomobilda yuk tashish uchun Pokiston va Turkmaniston bilan qo‘shma transport kompaniyalari tashkil etish taklifi bildirilgan.

“Qo‘ng‘irot-Beynov” xalqaro avtomobil yo‘li rekonstruksiyasini jadallashtirish, yuk vagoni ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga solish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident yig'ilishi

Baholaganlar

93

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing