Olov ichidagi Turkiya: evakuatsiya va kurash davom etmoqda (foto)
Olam
−
19:13 628 2 daqiqa
Turkiyaning Antaliya va Adana viloyatlarida o‘rmon yong‘inlari keng hududlarga tarqalib, minglab fuqarolar xavfsiz joylarga evakuatsiya qilindi, yong‘inlarni to‘liq bartaraf etish va yetkazilgan zararni o‘rganish ishlari davom etmoqda. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
(1).png)
Qayd etilishicha, Antaliyaning Aksu va Kepez tumanlarida joriy yilning 7 sentyabr kuni boshlangan yong‘in shamol sababli katta hududga tarqalgan. Uni o‘chirishga 3 ta samolyot, 9 ta vertolyot, 165 ta o‘t o‘chirish mashinasi va 1 mingdan ortiq xodim jalb qilingan.

Yong‘in tufayli Karao‘z mahallasida 10 ta xonadondan 25 kishi, Yeshilkaraman mahallasida 69 ta xonadon va 18 ta omborxonadan 256 kishi, shuningdek, Kepez tumanining Chamlija mahallasida 175 ta xonadondan 439 kishi evakuatsiya qilingan.

Fojia oqibatida 47 kishi jabrlangan. Ulardan 11 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 36 kishiga ambulator yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, 3 ta bino buzilgani, 13 ta bino esa kichik zarar ko‘rgani aniqlangan.

Talofat sababli mobil aloqa tarmoqlarida ham uzilishlar kuzatilgan. Turkcell, Vodafone va Türk Telekom kompaniyalari zarar ko‘rgan hududlarga mobil baza stansiyasi transport vositalarini joylashtirgan.

Adananing Ko‘zan tumanida boshlangan yong‘in Imomo‘g‘lu va Aladag‘ tumanlaridagi ayrim mahallalarga tarqalgan. Uni o‘chirishga 173 ta transport vositasi va 717 nafar xodim, jumladan, 3 ta yong‘in o‘chirish samolyoti, 12 ta vertolyot, 58 ta suv tankeri va 8 ta Ijtimoiy hodisalardan himoya qiluvchi transport vositasi (TOMA) jalb qilingan.

3 ta tumandagi qariyb 15 ta mahalla yong‘indan zarar ko‘rgan. Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida 285 ta xonadondan 835 kishi evakuatsiya qilingan. Fuqarolar orasida jabrlanganlar yoki halok bo‘lganlar yo‘q. Aladag‘ tumanidagi ayrim uylar va omborlar ham yong‘indan zarar ko‘rgan.

Antaliyaning Kumluja tumanida 8 sentyabr kuni boshlangan yong‘in To‘ptosh mahallasidan Guzo‘ren mahallasiga tarqalgan. Alanga tufayli Guzo‘ren mahallasidagi qariyb 200 ta xonadon ehtiyot chorasi sifatida evakuatsiya qilingan. Yong‘indan jabrlangan 3 kishi ambulator sharoitda davolangan.
Ayni paytda Antaliya va Adana viloyatlaridagi yong‘inlarni to‘liq o‘chirish, hududlarni nazorat qilish hamda yetkazilgan zararni o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Antaliya viloyatida o‘rmon yong‘inlari aholi yashaydigan hududlarga ham tarqalgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi