Olmazordagi 24-maktab yana hind tili maktabiga aylantiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahar Olmazor tumanidagi Lal Bahodur Shastri nomidagi hind tilini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Mazkur qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Toshkent shahar hokimligining taklifini inobatga olgan holda Olmazor tumanidagi 24-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida Lal Bahodur Shastri nomidagi hind tilini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi. 

Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda. 

•    umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari asosida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda chet tillarini, ayniqsa hind tilini chuqur o‘qitilishini tashkil etish;

•    yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan pedagoglarni jalb etgan holda o‘quvchilarning yosh (hind va o‘zbek) adabiyotshunoslar, yosh tarjimonlar jamoalarini tashkil qilish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam ishtirok etishlarini ta’minlash;

•    o‘quvchilarni chet tillarini, ayniqsa hind tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy va xalqaro e’tirof etilgan sertifikatlar olishga tayyorlash;

•    o‘quv jarayonining Hindiston Respublikasi ta’lim tizimi bilan hamkorligini yanada rivojlantirish va ikki tomonlama uzviylikni ta’minlash maqsadida o‘quvchilarga chet tillarini o‘rgatish, axborot kommunikatsiya hamda ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish yo‘nalishida Hindiston Respublikasining yetakchi ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tashlari, o‘zaro tajriba almashishlari bo‘yicha yaqin hamkorlikni tashkil etish.

Qarorda qayd etilishicha, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab, ixtisoslashtirilgan maktabning 5-6-7- sinflariga hamda 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab 5-sinfiga 30 nafardan o‘quvchilar qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga ixtisoslashtirilgan maktabning moddiy-texnika bazasi, pedagog kadrlar salohiyati hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi. 

Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan birgalikda:

•    ikki hafta muddatda “Ustozoda xalq sanʼati ustalari korxonasi” unitar korxonasiga tegishli Toshkent shahar Olmazor tumani, Sag‘bon ko‘chasi, 109-uy manzilida joylashgan 24-sonli umumta’lim maktabining sobiq ta’mirtalab binosi va uning tegishli hududi va inshootlari Olmazor tumani xalq ta’limi bo‘limiga operativ huquqi bilan bepul o‘tkazish;

•    2019 yilning 1 avgustiga qadar ixtisoslashtirilgan maktabning mavjud binosini mukammal ta’mirlash va sobiq binosini rekonstruksiya qilish hamda jihozlash ishlarini yakunlash;

•    mazkur maktab hududidagi Lal Bahodur Shastri haykalini Toshkent shahar mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan restavratsiya qilish va uni sifatli o‘rnatish choralarini ko‘radi. 

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda:

•    ixtisoslashtirilgan maktabni chet tillari, ayniqsa, hind tili yo‘nalishida yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, o‘quv-tarbiya jarayonini xalqaro andozalar asosida tashkil etish maqsadida unga Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilarini belgilangan tartibda jalb etadi;

•    o‘n kun muddatda ixtisoslashtirilgan maktabning ustavini tasdiqlasin xamda uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlaydi.

Toshkent shahar hokimligi Olmazor tumani “Barkamol avlod” bolalar markaziga tegishli Olmazor tumani, Ziyovuddin Boboxonov ko‘chasi, 13-uy manzilidagi binosi va uning tegishli hududi va inshootlari “Ustozoda xalq sanʼati ustalari korxonasi” unitar korxonasiga operativ huquqi bilan bepul berish taklifi ma’qullanmoqda. 

Xalq ta’limi vazirligi Olmazor tumani xalq ta’limi bo‘limiga tegishli Olmazor tumani, Niyozova ko‘chasi, 19-uy manzilida joylashgan binosi va uning tegishli hududi va inshootlari tuman “Barkamol avlod” bolalar markaziga operativ huquqi bilan bepul o‘tkaziladi. 

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan maktabning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, belgilangan tartibda maktabning kutubxona fondini zarur darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash choralarini ko‘radi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, 24-umumiy o‘rta ta’lim maktab sobiq ittifoq davridan hind tiliga ixtisoslashgan maktab bo‘lgan. Bu yerga  Lal Bahodur Shastrining haykali ham o‘rnatilgan edi. Keyingi yillarda maktabda hind tili darslari olib tashlanib, umumiy o‘rta ta’lim maktabiga aylantirilgan edi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi qarori Hind tili maktabi

Baholaganlar

53

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing